Isroil armiyasi 30 iyun kuni G‘azo shahridagi “Al-Baqa” kafesiga aviazarba berdi. Oqibatda 40 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Al-Shifo shifoxonasi direktori doktor Muhammad Abu Silmiya kechasi berilgan zarba oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘lgani va 75 kishi jarohatlanganini aytgan. Isroil mudofaa kuchlari hodisa “o‘rganilayotganini” ma’lum qilgan.
Rossiyada 1 iyuldan boshlab Yagona biometrik tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan chet el fuqarolari mobil aloqadan uziladi. 2025 yildan boshlab xorijliklar aloqa operatori bilan faqat biometrik ma’lumotlarni topshirgan taqdirda shartnoma tuzishi mumkin. Ular o‘z nomlariga 10 tagacha SIM-karta rasmiylashtira oladi. Shartnomani avvalroq tuzganlar 1 iyulgacha biometrik ma’lumot topshirishi kerak edi.
Eronlik xakerlar AQSH prezidenti Donald Tramp yordamchilarinng elektron pochta xabarlarini oshkor qilish bilan tahdid qildi. “Robert” taxallusi ostidagi xakerlar Reuters agentligiga 30 iyun va 1 iyul kunlari aloqaga chiqqan. Ular Oq uy ma’muriyati rahbari Syuzi Uayls, AQSH prezidenti advokati Lindsi Halligan, maslahatchisi Rojer Stoun va raqibi Stormi Denielsning taxminan 100 gigabayt elektron pochta xabarlari borligini aytgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp 2004 yildan beri amalda bo‘lgan Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Oq uy Suriyaga nisbatan sanksiyalarining bekor qilinishini “barqarorlik va tinchlik sari qadam” deya baholagan.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 30 iyun kuni fuqarolarga murojaat qilib, “mamlakatda urush yo‘qligi uchun amaldagi hokimiyatga duo qilishlari va minnatdor bo‘lishlari” kerakligini aytdi. Lukashenko mamlakatda “harbiy holatga o‘xshash vaziyat” yuzaga kelganini ta’kidladi. U buni qishloq xo‘jaligidagi tobora chuqurlashayotgan muammolar bilan izohladi. Belarus prezidenti amaldorlarni “o‘z yerining egasi bo‘lishga” va kadrlar harakatini qat’iy nazorat qilishga chaqirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Uc1bLhJXTVc" title="Isroil G‘azodagi kafega aviazarba berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA