Eron hukumati vositachilar orqali Isroil va AQSHdan harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni so‘radi. Bu haqda Yaqin Sharq va Yevropa rasmiylariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, agar AQSH Isroilning hujumlarida ishtirok etmasa, Eron Vashington bilan yadroviy muzokaralarni qayta boshlashga tayyor. Eron, shuningdek, Isroilga zo‘ravonlikni jilovlash har ikki tomon manfaatlariga mos kelishini bildirgan.
Rossiyada prezident Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan 7 yoshdan katta bolalar uchun dronlarni boshqarish bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. 2026 yildan boshlab o‘tkaziladigan bolalar uchun Butunrossiya musobaqalari “Kelajak uchuvchilari” deb nomlanadi. Putin topshirig‘iga ko‘ra, bunday musobaqalarda ishtirok etish uchun minimal yosh 10 yoshdan 7 yoshgacha pasaytiriladi. Ishtirokchilarga “dronlar poygasi” sport turi bo‘yicha unvon va razryadlar berish yo‘lga qo‘yiladi.
Rossiya 17 iyunga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga dronlar bilan yirik zarba berdi. Hodisa oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida 40 dan ortiq odam jarohatlangan. Solomenskiy tumanidagi ikkita turar-joy binosi shikastlangan, ularning kamida bittasida yong‘in chiqqan, ikkinchisida esa bino konstruksiyalari vayron bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan odamlarni qidirish ishlarini olib bormoqda.
Braziliyada ikki yoshli bola otasining qurolini o‘ynab, tasodifan onasiga o‘q uzdi. Hodisa oqibatida 27 yoshli Debora Rodriges vafot etdi. O‘q ovozidan so‘ng ayol, shok holatida, o‘rnidan turib tanasidagi jarohatlarni ko‘zdan kechirgan. U bir necha qadam yurib, yiqilgan. Uning turmush o‘rtog‘i birinchi yordam ko‘rsatishga uringan. Ayol shifoxonaga olib ketilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron oliy rahnamosi Xomanaiyning o‘ldirilishi mamlakat bilan ziddiyatga chek qo‘yishini aytdi. Netanyaxuning aytishicha, Islom respublikasi “Yaqin Sharqdagi barchaga dahshat solmoqda va dunyoni yadro urushi yoqasiga olib kelmoqda”. Isroil esa “yovuzlik kuchlariga qarshi turish orqali bu tajovuzga chek qo‘yish niyatida”.
Hindistonning Nagpur shahrida IndiGo aviakompaniyasiga tegishli samolyot bortda bomba borligi haqidagi tahdid sababli favqulodda qo‘ndirildi. Ma’lum qilinishicha, samolyot Kochi shahridan poytaxt Nyu Dehliga parvoz qilayotgan bo‘lgan. Yo‘lovchilar favqulodda qo‘nishdan keyin evakuatsiya qilingan. Samolyot tekshiruvdan o‘tkazilgan, biroq shubhali buyumlar aniqlanmagan. Hozirda bomba haqidagi ma’lumot manbasi va tahdidning ishonchliligi bo‘yicha tergov olib borilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/V3C6tJ7z2Ug" title="Rossiya Ukraina poytaxti Kiyevga dronlar bilan yirik zarba berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA