Kinematografiya agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tadi. Tadbir “Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari” shiori ostida o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida respublika bo‘ylab barcha kinoteatr va Yoshlar ijod saroylarida O‘zbekiston va Rossiya kinoijodkorlari hamkorligida bolalar uchun suratga olingan “Parining sovg‘asi” va “Quyosh ta’mi” filmlarining namoyishi tashkil etiladi. Jumladan, poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida ham filmlar o‘zbek va rus tillarida taqdim etiladi. Shu bilan birga, yosh tomoshabinlar uchun qiziqarli savol-javob o‘yinlari, multfilm qahramonlari ishtirokida shou-dasturlar ham tashkil etilib, g‘oliblarga maxsus sovg‘alar topshiriladi.
Aytish kerakki, “Parining sovg‘asi” filmi Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli aktyor Farhod Mahmudov rejissyorligida suratga olingan. Ushbu kartina 6 yoshdan katta bo‘lgan bolalar auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, ertak janridagi film hisoblanadi.
“Quyosh ta’mi” filmi esa “Sputnik Vostok Prodakshn” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda suratga olingan. Film fantastika janrida yaratilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonga safari chog‘ida g‘aroyib sarguzashtlar ishtirokchisiga aylangan moskvalik oddiy oila haqida hikoya qilinadi.
N.Usmonova,
O‘zA