Xalqaro assotsiatsiya kongressi bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda Xalqaro sport kurashlari assotsiatsiyasining hisobot-saylov kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda yuzdan ortiq mamlakat federatsiyalari rahbarlari, sport uyushmalari va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Poytaxtimizda Xalqaro sport kurashlari assotsiatsiyasining hisobot-saylov kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda yuzdan ortiq mamlakat federatsiyalari rahbarlari, sport uyushmalari va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Mirabror Usmonov, Xalqaro sport kurashlari assotsiatsiyasi prezidenti Nenad Lalovich va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, buning samarasida O‘zbekistonning sport sohasidagi salohiyati va nufuzi tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizning barcha shaharu qishloqlarida bunyod etilgan sport majmualarida bolalar va yoshlar sport bilan muntazam shug‘ullanib, salomatligini mustahkamlamoqda. Malakali ustoz va murabbiylar ko‘magida katta sportga qadam qo‘ymoqda. Professional atletlarimiz zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot bazalarida ilg‘or uslublar asosida mahoratlarini oshirib bormoqda.
Yurtimizda Olimpiya sport turlari jadal rivojlanib, sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishmoqda. Bu borada erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz yetakchidir. Polvonlarimiz Olimpiya o‘yinlarida 4 oltin va 3 kumush medalni qo‘lga kiritgan. Yaqinda Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar Olimpiadasida yunon-rum kurashi bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan Ilhom Bahromov yurtimizda kurashchilarning munosib avlodi yetishib chiqayotganini isbotladi.
Mamlakatimiz nafaqat iste’dodli polvonlarni tarbiyalash, balki kurash bo‘yicha xalqaro musobaqalarni yuksak saviyada o‘tkazish borasida ham dovruq qozongan. O‘tgan yillarda yurtimizda erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya saralash turnirlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
2011-yili Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati doirasida 2014-yilgi jahon chempionatini qaysi mamlakatda tashkil etish masalasi muhokama etilgan edi. Erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasida tashkil etiladigan ushbu nufuzli musobaqani o‘tkazishga O‘zbekiston, Shvetsiya, Finlyandiya, Vengriya, Xorvatiya, Polsha, Eron, Ozarbayjon singari o‘ndan ortiq davlatlar da’vogarlik qilgan edi. Yurtimizdagi tinchlik va barqarorlik, rivojlangan sport infratuzilmasi, musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish tajribasi e’tiborga olinib, mezbonlik huquqi bir ovozdan mamlakatimizga berildi.
Xalqaro sport kurashlari assotsiatsiyasi a’zolari bu tanlov to‘g‘ri bo‘lganini, Toshkentda jahon chempionatini o‘tkazishga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rilganini ta’kidladi.
Kongressda Xalqaro sport kurashlari assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan tashkiliy ishlarga oid axborotlar tinglandi.
Yig‘ilishda tashkilotning nomini o‘zgartirish masalasi muhokama etildi. Tashkilot bundan buyon Butunjahon kurash ittifoqi (United World Wrestling) deya yuritilishi e’lon qilindi. Majlisda UWWning yangi Konstitutsiyasi, Nizomi, Dopingga qarshi reglamenti kabi bir qator xujjatlar qabul qilindi. Tashkilotning 2014-2016-yillardagi byudjeti, istiqbolli rejalari tasdiqlandi.
Kongress a’zolari Butunjahon kurash ittifoqi rahbarligiga Nenad Lalovichni sayladilar. Ushbu nufuzli tashkilotning Byuro a’zoligiga hamyurtimiz Ahrol Ro‘ziyev qayta saylandi.
– Tashkilotimiz tarixida yangi davrni boshlab bergan ushbu kongressning O‘zbekistonda o‘tkazilgani chuqur ma’no-mazmun kasb etdi, – dedi Butunjahon kurash ittifoqi prezidenti Nenad Lalovich. – Bugun O‘zbekiston barcha jabhalarda, jumladan, sport sohasida ham dunyoda o‘z o‘rniga ega. Prezident Islom Karimov tomonidan bolalar sportini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, barcha yoshdagi o‘g‘il-qizlarni qamrab olgan uch bosqichli sport o‘yinlari o‘tkazilayotgani natijasida O‘zbekiston sportchilari xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda. Xitoyning Nankin shahrida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida yurtingiz yoshlari 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalni qo‘lga kiritgani ham ana shu yuksak e’tibor samarasidir. Toshkentda erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining yuqori saviyada o‘tishiga ishonaman. Chunki buning uchun mamlakatingizda barcha zarur sharoit mavjud.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.