17 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi amfiteatrida “ArMI – 2022” xalqaro o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘targan harbiy xizmatchilarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik, idora, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilning 15-27 avgust kunlari yilning eng nufuzli harbiy musobaqalaridan biri bo‘lgan “ArMI–2022” xalqaro armiya o‘yinlarida milliy armiyamiz o‘g‘lonlari munosib ishtirok etib, medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
Xususan, 37 ta davlatning 257 ta jamoasi ishtirok etgan VIII Xalqaro armiya o‘yinlari yakunida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi terma jamoasi 7 ta oltin, 10 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, 22 ta shaxsiy va jamoaviy rekord natijalarni ham qayd etib, Istiqlolimizning 31 yilligiga munosib tuhfa qildi.
[gallery-8826]
Bayramona tadbirda vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha navbati bilan sahnaga chiqqan harbiy jamoalarning har bir a’zosini qutlab, pul mukofotlarini topshirdi.
Ya’ni, g‘olib va sovrindor bo‘lgan harbiy xizmatchilarimiz lavozim maoshlariga mos ravishda o‘n, olti va uch baravar miqdorida pul mukofoti hamda bir pog‘ona yuqori malaka toifalari bilan rag‘batlantirildi.
Shuningdek, marosim davomida Xalqaro armiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchilarga muddatidan oldin navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi.
Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov “Armi–2022” xalqaro armiya o‘yinlarida dunyo armiyalarining eng kuchli jamoalari bilan o‘zaro kurash olib borgan O‘zbekiston bu yil har qachongidan yuqori natijalarini qayd etganini faxr bilan ta’kidlab o‘tdi.
– G‘alabaga intilish, chidamlilik o‘zbek askarining timsolidir. Uning qoni doimo jo‘sh etib turadi. Men barchalaringizni armiya o‘yinlaridagi g‘alaba bilan muborakbod etaman. Kuch-qudrat, xizmatingizda omad tilayman. Bilagingizdagi kuch, sizning ko‘zingizdagi ishonch bilan ifodalanadi. Hech qanday kuch sizning ko‘zingizga tik qaray olmaydi. Men uchun eng qudratli askar bu o‘zbek askaridir, – dedi faxr bilan general-leytenant Bahodir Qurbonov.
Albatta, xalqaro maydondagi bu kabi yutuq va orttirilgan tajribalar milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning bilim va salohiyati, kasbga oid tayyorgarligi yanada ortishiga xizmat qiladi.
Z.JONIBEKOV, O‘zA