Xalq vakili ko‘magida fuqaro uyli bo‘ldi
Mahalliy Kengash deputatlari aholiga eng yaqin va hudud muammolaridan xabardor vakil hisoblanadi. Ularning faolligi, amaliy ishlari aholi muammolarining hal etilishiga, hududlardagi turli masalalar yechimiga xizmat qiladi.
Bu borada «Adolat» SDPdan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarning ayrim amaliy natijalariga to‘xtalsak.
Qo‘qon shahar «At-Termiziy» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Bog‘i Rahmat ko‘chasi 43-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Abrorjon Mamayusupov jazo muddatini o‘tab keldi. Umr yo‘ldoshi vafot etgan, to‘rt nafar farzandning otasiga yaqinlari bilan birga yashashga sharoit yo‘q, hovli torlik qildi. U «Adolat» SDP Qo‘qon shahar Kengashiga uy-joy masalasida yordam berishlarini so‘rab, ariza bilan murojaat qilgan.
Partiyaning «Muammo bilan yuzma-yuz» loyihasi doirasida Qo‘qon shahar Kengashi raisi A.Ahmadjonov, xalq deputatlari shahar Kengashi deputati J.Usmonov murojaatchining yashash sharoiti bilan tanishdilar. Holat yuzasidan shahar «Xalqparvar» komissiyasiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Mutasaddilar vaziyatni o‘rganib, o‘z xulosalarini berishdi. Fuqaro murojaati ijrosi ta’minlandi. Fuqaroga shahar hokimligi tomonidan «Istiqlol» MFY Charbog‘ ko‘chasida joylashgan 10/3 xonadon kaliti topshirilib, nomiga rasmiylashtirib berildi. Hozirda xonadonda ta’mirlash ishlari olib borilyapti. A.Mamayusupov esa xususiy mebel sexida mehnat faoliyatini boshladi.
Shuningdek, shaharning «Misgarlik» MFY Bakovul ko‘chasi 35-uyda yashovchi N.Komilovaning murojaati ham ijobiy yechim topdi. Onaxonning farzandi Ulug‘bek 1-guruh nogironi. Nogironlik aravachasi zarurati yuzasidan partiya shahar kengashiga murojaat qilgan. Kengash raisi A.Ahmadjonov tomonidan bolajonga nogironlik aravachasi yetkazib berildi.
Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati Abdurauf Ahmedov ham faol deputatlardan. U o‘zi saylangan hududdagi obodonlashtirish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Deputatning tashabbusi bilan shaharning «S.Ayniy» MFY «Haydarobod» massivi ko‘chalarining jami 2.5 km yo‘li hamda «Boboyi haqdo‘st» qabristoniga boradigan yo‘llari tozalanib tartibga solindi, shag‘allashtirilib, maxsus texnika yordamida tekislandi.
O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova tayyorladi.