Xalq va armiya – bir tanu bir jondir
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
“Bog‘i Eram” tantanalar majmuasida Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi shahar bo‘linmasi kengashi hamkorligida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Bir piyola choyga xalq ta’limi muassasalari faxriylari, baynalminal jangchilar, umumta’lim maktablari direktorlari, kasaba uyushmalari faollari, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari taklif qilindi.

Ta’kidlanganidek, tarixan qisqa davr ichida mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan, tezkor va ixcham milliy armiya shakllantirildi. Amalga oshirilayotgan “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir” degan ezgu g‘oya o‘z samarasini bermoqda.
Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Jahongir Lutfullayev, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi shahar kengashi raisi Akmalxon Umarov, shahar Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi Anvarjon Nasriddinov Vatan tinchligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan faxriylarni bayram bilan tabriklab, 330 nafar tadbir ishtirokchisiga esdalik sovag‘alarini topshirdi.
Bayram tadbirida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA