Xalq roziligiga erishish – bosh maqsad
Navoiy viloyatidagi 2-sektorlar tomonidan joriy yil fevral oyining o‘tgan 15 kunida ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarida, aholi muammolarini hal etish yuzasidan qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, elektr va gaz ta’minoti, ichimlik suvi bilan ta’minlash, yo‘llardagi muammolar bosqichma-bosqich hal etilmoqda.
– Viloyat bo‘yicha 2-sektorlar rahbarlari tomonidan 68,1 km tuproq yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasi yoqizilib, 1,3 km ichki yo‘llar asfaltlandi, – deydi viloyat 2-sektor mas’ul kotibi Aminjon Avazov. – Elektr ta’minotidagi muammolarni hal etish maqsadida 45,3 km masofaga yangi elektr tarmoqlari tortilib, 25,2 km ta’mirlandi, 13 ta yangi transformator o‘rnatilib, 54 tasi ta’mirlandi, 1083 ta eskirgan simyog‘ochlar beton tayanchlarga almashtirildi. Sektorlar hududidagi 14,8 km tabiiy gaz quvurlari va 82 ta gaz taqsimlash punktlari ta’mirlanib, 8,1 km masofaga yangi gaz quvurlari tortildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 73,1 km ichimlik suvi quvurlari va 3 ta suv inshootlariga e’tibor qaratildi.

Nurota tumanida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha “Sentob” MFYda 84 ta, “Kattasoy” MFYda 50 ta, “Temirqovuq” MFYda 20 ta tayanch, “Kattasoy” MFYda 1 ta yangi transformator 11,2 km havo elektr uzatish tarmog‘ini tortish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, Karmana tumanida 2 ta, Zarafshon va G‘ozg‘on shaharlari, Tomdi va Nurota tumanlarida 1 tadan xonadonlar homiylik mablag‘lari hisobidan ta’mirlab berildi.

Sektor rahbarlari tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilish masalalari ham doimiy e’tiborda. O‘tgan vaqt oralig‘ida 15 ming 577 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 1572 nafariga 68 million so‘mlik dori-darmonlar olib berildi.
Viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan 22 nafar fuqaroda og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tkazish maqsadida xalq deputatari viloyat Kengashi qaroriga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 477,8 mln so‘m mablag‘ ajratilib, ularda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish orqali bandligini ta’minlash hamda hududlarda “namunaviy xonadon”lar tashkil etish maqsadida 38 ta oilaga 11 bosh chorva mollari, 170 dona quyon, 1300 dona parranda, 4 ta oilaga 17 quti asalari uyalari olib berilgan bo‘lsa, 7 ta oilaga 16 sotix issiqxona qurib berildi. Shuningdek, sektor rahbarlari tashabbusi bilan 11 nafar fuqaroga 145 million so‘mlik kredit olib berildi, 129 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilib, 106 nafari kasb-hunarga o‘qishga jalb qilindi.
Viloyatda 2-sektor rahbarlari tomonidan aholi muammolarini bartaraf etish, ular bandligini taminlash kabi xayrli ishlar davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA