Xalq qalbiga yo‘l topgan ijod sohibi edi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli adib Qamchibek Kenja tavalludining 80 yilligi munosabati bilan xotira kechasi va uning o‘n jildlik saylanma asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, jamoatchilik vakillari, yosh ijodkorlar hamda adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi.
Adabiy-ma’rifiy tadbirdan ko‘zlangan maqsad adibning boy ijodiy merosini yana bir bor yod etish, milliy adabiyotimiz va ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rnini e’tirof etish, shuningdek, asarlarini keng kitobxonlar ommasiga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Xotira kechasini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Tadbirda O‘zbekiston xalq yozuvchilari Muhammad Ali va Abdulla Sher, akademik Abdulla A’zam, filologiya fanlari doktori Hamidulla Boltaboyev, adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, «Shuhrat» medali sohibi Abdunabi Boyqo‘ziyev, Andijon viloyati Nuroniylar kengashi a’zosi Hamidullo Xalilov hamda «Do‘stlik» ordeni sohibi Shukur Qurbon adibning serqirra ijodi, insoniy fazilatlari va u bilan bog‘liq xotiralar haqida so‘zladilar.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Andijon viloyati bo‘limi boshlig‘i Xurshida Vahobjon qizi, olima Qunduzxon Husanboyeva va Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi mas’ul xodimi Faxriddin Nosirjonov esa Qamchibek Kenja she’riyatining o‘ziga xos jihatlari, badiiy mahorati va ijodiy izlanishlariga alohida to‘xtaldilar.
Qamchibek Kenja o‘zbek adabiyotida xalqona ifoda uslubi, samimiy qalami va hayot haqiqatlarini ta’sirchan tasvirlay olishi bilan ajralib turadigan ijodkorlardan edi. Uning asarlarida xalq hayoti, inson taqdiri, milliy qadriyatlar va ma’naviy-axloqiy masalalar keng yoritilgan. Adib voqea-hodisalarni shunchaki tasvirlash bilan cheklanmay, ular orqali insonning ichki dunyosi, orzu-intilishlari, o‘y-kechinmalari va hayotga munosabatini ochib berishga intilgan.
Ijodkor asarlarining muhim xususiyatlaridan biri xalqchillikdir. U oddiy insonlarning hayoti, quvonch va tashvishlari, orzu-umidlarini tabiiy va ishonarli tarzda tasvirlaydi. Qahramonlarning xatti-harakatlari, o‘zaro munosabatlari orqali xalqimizning turmush tarzi, urf-odatlari va milliy qadriyatlari namoyon bo‘ladi. Shu bois adib asarlari kitobxonga yaqinligi, hayotiyligi va samimiyati bilan e’tiborni tortadi.

Badiiy uslubi ravon til, xalqona ifoda va ruhiy kechinmalarni nozik his etish mahorati bilan ajralib turadi. U inson qalbidagi ziddiyatlar, orzu va intilishlar, vijdon va burch masalalarini hayotiy lavhalar orqali yoritib, o‘quvchini qahramonlar taqdiri haqida o‘ylashga undaydi. Adib uchun insonning ma’naviy olami, uning hayotdagi o‘rni va jamiyat oldidagi mas’uliyati muhim badiiy masalalardan biri bo‘lgan.
Qamchibek Kenja ijodiy faoliyatini she’riyatdan boshlagan. Uning ilk she’riy to‘plami «Sog‘inch» 1975-yilda, dastlabki hikoyalar to‘plami «Yashil barg» esa 1977-yilda nashr etilgan. Keyinchalik «Ko‘ngil ko‘chalari» (1979), «Ishqing tushsa» (1981), «Orzumandlar» (1982), «Notanish gul» (1986), «Tog‘ yo‘lida bir oqshom» (1987), «Sohildagi suv parisi» (1993), «Qizil gullar» (1995), «Sohibjamol ayol siri» (1996), «Kulgibaxsh umr» (1997), «Boburiylardan biri» (2000), «Baxt qushi yoki ushalgan orzular» (2001), «Xamir uchidan patir yoxud kulcha hikoyalar» (2005) kabi asarlari kitobxonlar e’tiboriga havola etildi.
Adib she’riyat va nasr bilan bir qatorda publitsistika, safarnoma va tarjimachilik sohalarida ham samarali ijod qildi. Uning «Hind sorig‘a», «Buyuklar izidan» kabi safarnomalarida tarixiy meros, buyuk ajdodlar hayoti va ular qoldirgan ma’naviy boyliklar haqidagi mushohadalar o‘rin olgan. A. S. Pushkin, G. Hayne, Sh. Petyofi, V. Bryusov va M. Svetlov kabi shoirlar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, jahon adabiyoti namunalarining kitobxonlarimizga yetib borishiga ham hissa qo‘shgan.

Adib ijodida tarixiy xotira va ajdodlar merosiga hurmat alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, Bobur va boburiylar tarixiga bag‘ishlangan asarlarida uning milliy tarixni chuqur anglashga, buyuk ajdodlarimizning hayoti va ma’naviy merosini keng targ‘ib etishga bo‘lgan intilishi yaqqol namoyon bo‘ladi. «Boburiylardan biri» romani va «Jasorat» ma’rifiy-biografik qissasi ana shu yo‘nalishdagi muhim asarlar sirasiga kiradi.
Qamchibek Kenja ijodining yana bir e’tiborli jihati – janrlar rang-barangligi. U she’r, hikoya, qissa, roman, publitsistik maqola va safarnomalar orqali hayotning turli qirralarini yoritdi. Uning asarlarida insonparvarlik, halollik, mehr-oqibat, vatanparvarlik va ma’naviy mas’uliyat kabi qadriyatlar muhim g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa adib ijodining nafaqat badiiy, balki ma’rifiy ahamiyatini ham belgilaydi.

Xotira kechasida Qamchibek Kenjaning qizi Nargiza Jo‘rayeva so‘zga chiqib, otasining xotirasini e’zozlab, ijodiy merosiga hurmat ko‘rsatayotgan barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirning muhim voqealaridan biri adibning o‘n jildlik saylanma asarlari taqdimoti bo‘ldi. Ushbu nashr ijodkorning ko‘p yillik mehnati samaralarini bir to‘plamda jamlashi, uning adabiy merosini yaxlit holda o‘rganish va keng kitobxonlar ommasiga yetkazish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir. Saylanma asarlarning chop etilishi Qamchibek Kenja ijodini yanada chuqurroq tadqiq etish, uning badiiy-estetik qarashlarini o‘rganish va ma’naviy merosini kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.

Qamchibek Kenja qalamiga mansub asarlarda xalq hayoti, inson qalbi va milliy qadriyatlar o‘zaro uyg‘unlikda aks etadi. Uning ijodiy merosi kitobxonni hayot, inson qadri, vijdon va ma’naviy burch haqida mushohada yuritishga undashi bilan ahamiyatlidir. Adibning o‘n jildlik saylanma asarlari nashri esa uning adabiyotimizda qoldirgan boy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim qadamdir.
N.Usmonova, O‘zA