Xalq qabulxonasiga murojaatlar qanday hal etilmoqda?
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, joylardagi muammolarni o‘rganish va ijobiy hal etish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratildi. Prezident Virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganligi juda ko‘p muammolarni hal etishga, odamlarning davlatdan roziligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bu borada joylardagi Xalq qabulxonalari faoliyatini alohida e’tirof etish o‘rinli. Buxoro viloyati Xalq qabulxonasi tomonidan ham aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, hal etish, ularning ariza, shikoyat va murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarga ijobiy yechim topish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Joriy yil 1 oktyabr holatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali viloyat aholisi tomonidan 44,8 mingta masalaga oid murojaat kelib tushgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Ma’murjon Rahmonqulov. –Murojaatlarning 40,4 mingtasi hududiy tashkilotlarga yuborilgan, shundan 14,9 mingtasi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarni ijobiy hal etish darajasi o‘rganilganda Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, sudlar, Buxoro viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat boshqarmasi hamda viloyat adliya boshqarmasida murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Aholi murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi, muammosi hal etilmaganligi natijasida 7 206 ta takroriy murojaat kelib tushgan. Bu 2022 yilning mos davriga nisbatan 35,5 foiz(1 888 ta)ga ko‘p yoki jami murojaatlarning 16 foizini tashkil qiladi.
Aholi tomonidan asosan pensiya va ijtimoiy himoya, moddiy yordam va homiylik, elektr energiyasi ta’minoti, sud qarorlari ijrosi, aliment va qarz undirish, bandlik, yo‘l infratuzilmasi, davolash va tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, gaz ta’minoti, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar eng ko‘p ko‘tarilgan.
[gallery-14458]
Ayniqsa, kreditlar bo‘yicha kafilliklar va foizlarni qoplash uchun kompensatsiyalar, ekologiya sohasini tartibga solish, mehnatga haq to‘lash, avtosanoat, madaniyat, davlat mulki va aktivlarini boshqarish, yoqilg‘i-energetika (neft va gaz) masalalari, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, korrupsiyaga qarshi kurash, aholi va ijtimoiy ob’ektlarni ko‘mir va boshqa yoqilg‘i turlari bilan ta’minlash, mahalliy soliqlar va yig‘imlar, bank naqd pulsiz hisob-kitoblar va to‘lov tizimi bilan bog‘liq masalalar sezilarli oshgan.
Davlat idoralari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar 3 011 tani tashkil etgan. Ayniqsa, sog‘liqni saqlash, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, ta’lim sohasi, profilaktika inspektori, bank, ichki ishlar organi, mahalliy hokimliklar va hokim yordamchisining faoliyati yuzasidan shikoyatlar soni yuqori hisoblanadi.
Buxoro viloyati, tuman va shahar tashkilotlari tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 880 tasi muddati buzib yopilgan. Asosan tuman va shahar hokimliklari, Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi tashkilotlar, Majburiy ijro byurosi Buxoro viloyati boshqarmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi tashkilotlar hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan murojaatlarning belgilangan muddatlari buzib yopilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, belgilangan muddati o‘tib ketgan bo‘lsada, 255 ta murojaat bugungi kunga qadar yakuniy hal etilmagan. Jumladan, tuman va shahar hokimliklari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi tashkilotlar, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi tashkilotlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi tashkilotlar, Bosh prokuratura tizimidagi tashkilotlar hamda Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlar tomonidan murojaatlar belgilangan muddatlari o‘tib ketgan bo‘lsada, yakuniy hal etilmagan.
Joriy yilning 1 oktyabr holatida Buxoro viloyati, tuman va shahar sektor rahbarlari tomonidan 2 146 marotaba ommaviy sayyor qabullar o‘tkazildi. O‘tkazilgan ommaviy sayyor qabullarda 11 856 ta masalaga oid murojaat kelib tushgan, shundan 8 005 tasi ijobiy hal etilgan.
Tahlillarga ko‘ra, aksariyat tuman (shahar) sektor rahbarlarining sayyor qabullari to‘g‘risida o‘z vaqtida e’lon berilmasligi, oldindan keng jamoatchilikka ma’lum qilinmasligi natijasida fuqarolar o‘z muammolari bo‘yicha yuqori tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Xalq qabulxonalari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish hamda monitoringlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga 226 ta taqdimnoma, 210 ta taklif hamda Xalq deputatlari Kengashlariga 167 ta axborot kiritilgan. Kiritilgan hujjatlarga asosan kamchiliklar bartaraf qilinishi bilan bir qatorda, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning 356 nafar xodimi ogohlantirilgan. 52 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 8 nafar xodimga oylik ish haqidan jarimaga tortish intizomiy jazo qo‘llanilgan. 28 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 12 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari