Xalq qabulxonalarida fuqarolarning ariza va shikoyati belgilangan tartibda, xolislik tamoyillari asosida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilayotgani mamlakatimizda inson huquq va manfaatlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotganining amaldagi ifodasidir.
Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilgan Xalq qabulxonalari odamlar og‘irini yengil qilish, ularning muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Buni Prezidentimizning Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Xalq qabulxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

G‘ijduvon tumani Xalq qabulxonasi tomonidan 3-sektor hududidagi “Oqrabot” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazildi. Tadbir davomida o‘rganishlar o‘tkazildi. Bunda asosiy e’tibor hududning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va ko‘makka muhtoj aholi qatlami muammolariga qaratildi. O‘rganishda tumanning 3-sektor rahbari A.Xoliqov, tuman Xalq qabulxonasi mudiri U.Halimovlar ham qatnashdi. Mutasaddilar birgalikda hududda joylashgan ijtimoiy ob’ektlarni o‘rgandi. Jumladan, mahalladagi 41-umumta’lim maktabining isitish tizimi ko‘zdan kechirildi.

Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan ko‘mir bilan ta’minlash masalasida 10 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Shuningdek, aholi uchun arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarka davomida aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida 150 ta suyultirilgan gaz ballonlari 11 tonna saralangan ko‘mir va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bundan tashqari uyma-uy yurgan holda aholi muammolari o‘rganilib, 1 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 3 nafar fuqaroga hassa, 15 nafar fuqarolarga bepul dori-darmonlar berildi.

– Mutasaddilarga ko‘mir masalasida murojaat qilgan edim, – deydi “Oqrabot” mahalla fuqarolar yig‘ini “Oqrabot” qishlog‘ida yashovchi Faxriddin G‘aybullayev. – Murojaatim shu zahotiyoq ijobiy yechim topdi. Mutasaddilar aholiga bepul ko‘mir yetkazib berdi. Shu kunning o‘zida aholiga 300 kilodan bepul ko‘mir yetkazildi.
Muxtasar aytganda, Xalq qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularning hayotiy muammolarini tezkorlik bilan hal etishga keng imkoniyat yaratmoqda. Odamlarning og‘irini yengil qilib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA