Xalq qabulxonasi aholi xizmatida
Buxoro shahar xalq qabulxonasiga joriy yilning birinchi yarmida 268 ta ogʻzaki va yozma murojaatlar kelib tushgan.
Buxoro shahar xalq qabulxonasiga joriy yilning birinchi yarmida 268 ta ogʻzaki va yozma murojaatlar kelib tushgan.
Ularning aksariyati uy-joy, yer va ish bilan taʼminlash, gaz, elektr, suv yetkazib berishdagi uzilishlarni bartaraf etish, nafaqa hamda pensiya taʼminotidagi kamchiliklarni tugatish va boshqa masalalarga taalluqlidir.
Murojaatlarning 54 tasi oʻz yechimini topdi. 88 ta murojaat huquqiy maslahatlar orqali hal etildi. 87 ta murojaat boʻyicha tegishli tushuntirishlar berildi. 57 ta murojaat esa hozirgi paytda atroflicha koʻrib chiqilmoqda .
Aholi vakillari bilan oʻtkazilayotgan uchrashuvlar, sayyor qabullar va uyma-uy yurishlar davomida fuqarolar tomonidan bildirilayotgan takliflar ham doimiy eʼtiborda. Shahar Xalq qabulxonasi taklifi asosida 2019-yilda shahardagi Turki Jandiy, Gʻ.Gʻulom va M. Burxonov singari mahalla fuqarolar yigʻinlari “Obod mahalla” dasturiga kiritildi. Ularda qurilish va obodonchilik ishlari olib borildi. Bugungi kunda ushbu mahallalar va ularga tutash hududlar oʻzgacha chiroy kasb etmoqda. Ayniqsa, Hazrati Imom qabristonida keng koʻlamdagi obodonchilik ishlari amalga oshirilgan.
Shahar boʻyicha 2019-yilgi Davlat dasturi ijrosini taʼminlashga 64,8 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Shu kungacha bir qator maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari toʻla taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Dasturga asosan ichimlik va oqava suvlari hamda gaz tarmoqlarini taʼmirlashga erishildi. Gaz taqsimlash punktlari tartibga keltirildi. Bozor infratuzilmasi obyektlarida ham qurilish – obodonchilik ishlari amalga oshirildi.
Sektorlar va davlat organlari bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida joylardagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimini izlab topishda shahar Xalq qabulxonasi aniq natijalarga erishmoqda.
Keyingi paytda Xalq qabulxonasi tomonidan sektor rahbarlari bilan birga joylarda bir qator sayyor qabullar oʻtkazildi. Yoshlarga oid davlat siyosati bilan bogʻliq shaharda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha koʻrib chiqilmoqda. Yosh avlod vakillarining oʻrinli takliflari inobatga olinib, talab-ehtiyojlari amaldagi qonunlar doirasida hal etilmoqda. Oʻtgan davr ichida shaharda 70 ga yaqin sayyor qabullar tashkil etildi. Yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofazalash, ularning bandligini taʼminlash borasidagi 78 ta murojaat ijobiy hal etildi.
Sayyor qabullar, uyma-uy yurishlar natijasida aniqlangan va aholini qiynab kelayotgan 205 ta muammo atroflicha koʻrib chiqildi. Tegishli tashkilotlarga taqdimnoma va takliflar kiritildi. Aniqlangan muammolar asosida “Yoʻl xaritalari” belgilab olindi. Bundan tashqari, shahar qabulxonasi huzurida monitoring shtabi faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, nazorat mexanizmi yaratilgan.
Ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashish ham Xalq qabulxonasi eʼtiborida. 2020-yilning oʻtgan davrida 1 ming 100 nafar yoshning bandligi taʼminlandi. Jumladan, jamoatchilik ishlariga 290, tadbirkorlik faoliyatiga 210 nafar yigit-qizlar jalb qilindi. Qurilish va qishloq xoʻjaligi hamda boshqa sohalarda ishlash istagini bildirgan yoshlar ham koʻpchilikni tashkil etadi. 530 nafar yoshlar esa boshqa bir qator soha va yoʻnalishlarda oʻz ishlarini boshlash arafasida turibdi.
Kambagʻallikni qisqartirishga har tomonlama koʻmaklashish, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan va nogironligi boʻlgan kishilarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Xalq qabulxonasi, shahar hokimligi hamda “Saxovat va koʻmak” markazi tomonidan oʻtgan davr ichida hududdagi 2785 ta oilaga 4 milliard 759 million soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari olib berildi. Pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda kam taʼminlangan oilalarning 693 nafar aʼzosi doimiy ishga joylashtirilganligini shu oʻrinda alohida qayd etish lozim.
Joriy yilning birgina aprel oyida Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan 25 ta ehtiyojmand oilaga 7 million 500 ming soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Ehtiyojmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Xalq qabulxonasi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan boshqa bir qator savob va xayrli ishlar ham yurtdoshlarimizning hech kimdan kam boʻlmasdan hayot kechirishlarini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Shahar prokuraturasi masʼul xodimlari bilan birga Xalq qabulxonasi tomonidan dehqon bozorlari, savdo majmualari va doʻkonlarida narx-navoni barqaror saqlash choralari koʻrilmoqda.
Ijtimoiy muhofaza yoʻnalishida olib borilayotgan ishlardan yana biri – konvert usulida ishlayotgan 20 dan ortiq fuqarolarni, shu jumladan oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlayotgan fuqarolarni (hunarmand, xususiy tadbirkor singarilarni) doimiy qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Birgina keyingi paytda Xalq qabulxonasi ishtirokida hududda mavjud boʻlgan 147 ta mehmonxonaning qayta ishga tushirilishi natijasida 350 nafardan ortiq fuqaroning bandligi taʼminlandi. Ijtimoiy ahvoli yaxshilangan 119 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish galdagi vazifalardan biridir. Xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash maqsadida shaharda qurib bitkazilgan 245 ish oʻrniga ega tikuvchilik majmuasida endilikda 200 nafardan ziyod ayollar mehnat qilib qilmoqda.