XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida Marg‘ilon shahrida yashab, Uvaysiy taxallusi bilan ijod qilgan shoira Jahon Otinning hayoti va ijodi bugun qanday o‘rganilmoqda?
Shoirani Nodirabegim bilan qanday rishtalar bog‘lagan edi? Hozirgi kunlarda Uvaysiyning Andijonda yashovchi qarindoshlari kimlar? Ushbu savollarimizga javob olish maqsadida Marg‘ilon shahrida joylashgan Jahon Otin Uvaysiy uy muzeyi direktori Go‘zal Po‘latovaga yuzlandik.
— Uvaysiy uy muzeyida asosan shoiraga tegishli bo‘lgan qanday ekspozitsiyalar o‘rin olgan?
— Muzey Marg‘ilon shahrida Jahon otin Uvaysiy o‘zi tug‘ilib o‘sgan xonadonda 2007 yilda birinchi prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Muzey milliy uslubda qurilgan bo‘lib, yog‘och va ganch o‘ymakorligi san’ati bilan bezatilgan, bir qavatli binodan iborat. Ekspozitsiya zalida shoiraning merosi bilan tanishish mumkin. U yerda XVIII - XIX asrga oid ayol va erkaklar kiyimlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, milliy cholg‘u asboblari, mumtoz adabiyotimiz vakillarining Bedil, Fuzuliy va boshqa shoirlarning qo‘lyozma asarlari bor. Shuningdek, arxiv hujjatlari, jurnal hamda gazetalar, suratlar, matolar, so‘zana, ro‘ja kabi XVIII - XIX asrga oid turli osori-atiqalarimiz o‘rin olgan. bugungi kunda muzeyimizda jami 160 tadan ziyod ekspozitsiya mavjud.
— Shoiraning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz?

— Uvaysiyning asl ismi Jahon bo‘lgan. Yoshligida uni Jahonbibi deb chaqirishgan. Uvaysiy taxallusida ijod qilgan. Islom dini bilimlariga ega bo‘lgani bois otinoyilik ham qilgan va uni Jahon Otin deb chaqirishgan. U XVIII asrning oxiri, XIX asrning birinchi yarmida yashab, ijod qilgan mashhur o‘zbek shoirasi. Marg‘ilon shahrining "Chek duhtaram" mahallasida taxminan 1779 yillarda dunyoga kelgan. Otasi Siddiq bobo to‘quvchi-kosib, o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozgan. Onasi Chinnibibi esa o‘z davrining donishmand ayollaridan bo‘lib, maktabdorlik qilgan. Jahonbibi oilada xat savodini chiqarib, so‘ng onasi kabi maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofiz unga she’riyat ilmidan saboq bergan. Jahonbibini 17-18 yoshlarida Tojixon ismli hunarmand yigitga uzatadilar. Uning umr-yo‘ldoshi Tojixon juda erta vafot etadi. Jahonbibi qizi Quyoshxon va o‘g‘li Muhammadxonni o‘zi tarbiyalab, kamolga yetkazadi.
— Uvaysiyni Nodirabegim bilan ijodiy hamkorligini to‘xtatilishiga nima sabab bo‘lgan?
— Jahon Otin yoshligidanoq o‘zbek tojik va ozarbayjon allomalarining ijodlarini muhabbat bilan o‘qiydi. O‘sha davrdayoq Uvaysiy taxallusi bilan she’rlar yoza boshlaydi va tez orada shoira va otin sifatida taniladi. O‘z davrida markaziy Osiyoning katta ilm fan va madaniyat markazlaridan bo‘lgan Marg‘ilon hamda Qo‘qonning iste’dodli adiblari, shoiralari davrasida o‘tadi. Shoira asosan Mohlaroyim-Nodirabegim bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lgan. Saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga she’riyat ilmidan saboq berib, ustozlik qilgan.
U Nodira bilan Konibodom, Xo‘jand, Toshkent, Andijon kabi shaharlarda bo‘lib, shoir va yozuvchilar bilan ijodiy munosabatlar o‘rnatadi. Uvaysiy 1842 yilda Buxoro Amiri Nasrulloxon Qo‘qonni bosib olganidan so‘ng Marg‘ilonga qaytib kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. Uvaysiy 65 yoshida vafot etgan. Undan bizgacha kattagina adabiy meros yetib kelgan. Uning qo‘lyozma devonlari bugungi kunda O‘zbekiston fanlar akademiyasi, Andijon davlat universiteti kutubxonalarida saqlanib keladi.
— Uy muzeyidagi devorga osilgan Uvaysiy portretida shoiraning qo‘lida anor ushlab turgan holat aks ettirilishining ramziy ma’nosi bo‘lsa kerak?

— Albatta ramziy ma’nosi bor. Shoiraning «Anor» haqidagi chistonini barcha adabiyot vakillari yaxshi bilishadi. Mazkur chiston mazmuni va yuksak badiiyligi bilan shoira ijodining yorqin sahifasi sifatida ko‘zga tashlanadi. Ya’ni unda shunday yoziladi:
Bu na gumbazdur, eshigi, tuynugidin yo‘q nishon,
Necha gulgun, pok qizlar, manzil aylabdur makon.
Tuynugin ochib alarning holidan olsam xabar,
Yuzlarida parda tortug‘lug‘ tururlar bag‘ri qon.
— Uning ayrim dostonlari islom tarixi bilan ham bog‘liq bo‘lgan deyishadi?
— Uvaysiyning lirik she’rlaridan tashqari Shahzoda Hasan, Shahzoda Husan kabi liro-epik asari va «Voqeoti Muhammad Alixon» kabi tarixiy dostonlari ham bor. Uning liro –epik dostonlari islom tarixi bilan bog‘liq voqealar asosida yaratilgan bo‘lib Uvaysiyning o‘z davrining bilimdon muallimasi va otinoyisi, dinimiz tarixidan chuqur xabardorligidan dalolat beradi. U ayniqsa, Alisher Navoiydan so‘ng aruzda muammo vazni san’atini mukammal egallagan ijodkor sanaladi.
— Yurtimizdagi qaysi ijodkorlar shoira hayoti va ijodi haqida izlanishlar olib bormoqda?
— Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetining magistranti Sohibaxon Islomovaning «Uvaysiy lirikasining matniy tadqiqi va poetikasi» mavzusida magistrantlik dissertatsiyasi yoqlangan. Dissertatsiyada uning bugungi kungacha o‘rganilmagan chistonlari, g‘azallari, muvashshaxlari va boshqa asarlari matniy tahlil qilingan.
Shoiraning hayoti va ijodi haqida juda ko‘p ishlar qilindi, o‘rganishlar olib borildi. Ammo Uvaysiyning ijodiy mahorati o‘zbek adabiyoti ixlosmandlariga to‘liq ochib berilgani yo‘q. Shu kungacha chop etilgan devonlaridagi asarlarini o‘rganish hali yakuniga yetkazilmagan. Andijon shahridagi san’at muzeyida saqlanayotgan devonlarida o‘rganilmagan turli janrdagi asarlari ko‘p. Shoiraning bizga qadar 269 ta g‘azal, 29 ta muxammas, 5 ta musaddas, 1 ta murabbasi va chistoni yetib kelgan.
— Uvaysiyning «Sog‘indim» deb nomlangan she’rini ko‘pchilik adabiyot ixlosmandlari yoddan bilishadi. Ushbu she’rni yaratilish tarixiga ham to‘xtalib o‘tsangiz?
— «Sog‘indim» she’rini shoira farzandi Muhammadxonga bag‘ishlab yozadi. U dilbandini urushga jo‘natganidan so‘ng sog‘inch azobida ushbu she’rni yozgan.
Bugun, ey do‘stlar, farzandi jononimni sog‘indim,
Gado bo‘lsam, ne ayb, ul shoxi davronimni sog‘indim.
Musofirman, g‘aribman bekasu ham benovodurman,
Vujudim darda to‘ldi, emdi darmonimni sog‘indim.
Tilimning zikriyu, ko‘nglimni fikri, yaxshi farzandim,
Azizim,yolg‘izim, davlatli sultonimni sog‘indim.
Kecha-kunduz yo‘liga muntazirdurman, tikarman ko‘z,
Kelib xolim so‘rubon ketsa, mehmonimni sog‘indim.
Nasibin uzmadi tangrim, ilojin topmagan kelsa,
Onam deb bo‘lg‘usi bag‘ri qizil, qonimni sog‘indim.
Qorong‘u bo‘ldi olam ko‘zima ushbu judolikdin,
Ko‘zu ko‘nglum ziyosi, mohi tobonimni sog‘indim.
Meni bekas Uvaysiy yig‘lagayman ro‘zi shab tinmay,
Uyimning ziynati, ko‘z ravshani, xonimni sog‘indim.
— Sh oiraning yaqin qarindoshlari nevara-chevaralari haqida ham biror ma’lumot bormi?
— Andijonda Jahon Otin Uvaysiyning nabirasi Xadichabegimni avlodlari yashaydi. Yaqinda yetti avlod uchrashuvini tashkillashtirib, shoiraning chevaralari Muzaffarxon, Habibulloxon, Nurilloxon Mamatovlar bilan uchrashdik. Ulardan Uvaysiy haqida yanada ko‘proq ma’lumotlarni oldik. Olgan ma’lumotlarimizni o‘rganib, tarixchilarimiz bilan maslahatlashib yanada mukammallashtirib boyitamiz.
— Uvaysiyning zalvorli ijodini hisobga oladigan bo‘lsak, ushbu uy muzeyi bugungi kun talabiga javob bera oladimi?
— Muzeydagi eng noyob eksponat bu Uvaysiyning o‘zi ishlatgan sandiq. Agar jiddiyroq izlanilsa, xalq orasidan shoiraga tegishli bo‘lgan eksponatlar topilishi va ular muzeyga keltirilishi mumkin, deb o‘ylayman. Muzey bugungi kun talabiga javob beradi, deb aytolmayman. Chunki bu yerda judayam oz va kichik hajmdagi eksponatlar mavjud. Muzeyni kengaytirish ishlarini amalga oshirishga harakat qilyapmiz. Yana qo‘shimcha ekspozitsiya xonalarini tashkillashtirishni rejalashtiryapmiz. Shoiraning xalqimizga ijod borasida ko‘rsatgan mehnatlari oldida bu xizmatlar oz. Uni kengaytirish, boyitish kerak, deb o‘ylayman.
OAVda chiqish imkoniyatidan foydalanib, bir taklifni aytib o‘tmoqchiman. Yurtimizda yashab ijod qilayotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan iqtidorli xotin-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida Uvaysiy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilsa. Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, ham shoiraning nomi abadiylashadi ham uning ijodiy salohiyatini o‘rganishga e’tibor oshadi, deb o‘ylayman.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA