Xalq manfaatiga xizmat qilayotgan yangi boshqaruv tizimi
Navoiy viloyati Navbahor tumanida “Mahalla yettiligi” a’zolari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Bugungi kunda yurtimizda mahalla institutini yanada mustahkamlash, uni aholi muammolarini hal etadigan eng samarali bo‘g‘inga aylantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Prezidentimizning 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni esa bu borada mutlaqo yangi yondashuvni shakllantirib, mahallalarda aholi bilan manzilli ishlash, davlat idoralari va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash hamda uning mazmun-mohiyatini joylarda keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan seminarda mahalla raislari, hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, ijtimoiy xizmat xodimlari va soliq inspektorlari ishtirok etdi.

Seminarda asosiy e’tibor mahalla faoliyatini natijaga yo‘naltirishga qaratildi. Xususan, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlash, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamkorligi muhokama qilindi.

– Bugungi kunda mahalla nafaqat fuqarolar yig‘ini, balki davlat xizmatlarini aholiga eng yaqin nuqtada yetkazib beruvchi tizimga aylanmoqda, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tuman bo‘limi boshlig‘i Sobir Normamatov. – Endi mahalladagi har bir muammo mutasaddi tashkilotlarga yuborilibgina qolmay, uni hal etish uchun mas’ul idoralar o‘zaro hamkorlikda ishlaydi. Bu esa murojaatlarning tezkor hal qilinishi, aholi roziligini ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Seminarda ishtirokchilarga Prezident farmonida belgilangan yangi vazifalar yuzasidan huquqiy tushunchalar berildi va mahallalarda uchrayotgan muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqildi. Seminar davomida hududlardagi mavjud tajribalar ham o‘rganilib, ularni keng joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri