Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari
So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun”, degan tamoyil asosida mahallabay, xonadonbay ishlash orqali aholi turmush sharoitini yaxshilash, ehtiyojmand oilalarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha manzilli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu borada sektorbay, mahallabay, xonadonbay ishlashdek xalqni rozi qilishning samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning joriy etilishi esa aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashda dasturilamal bo‘lmoqda. Qolaversa, buning mantiqiy davomi sifatida davlatimiz rahbarining bir qator farmon hamda qarorlari qabul qilinib, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslar, xayrli yumushlar bajarilmoqda.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani misolida aytadigan bo‘lsak, Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mahallalarda infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb ichki yo‘llar, ichimlik suv va elektr energiya hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini yaxshilash orqali aholi uchun munosib turmush sharoiti yuzaga kelmoqda.
Ushbu hujjat bilan tumanimizga jami 35 milliard 893 million so‘m, shundan, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilashga 1 milliard 693 million so‘m, ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 12 milliard 441 million so‘m, ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga 21 milliard 759 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Birgina, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha ortga nazar soladigan bo‘lsak, 2010-2016 yillarda tuman bo‘yicha 106 ming aholi yoki 45 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 80 foizga yetkazildi. Joriy yilda belgilangan dasturlar doirasida rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish natijasida ushbu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha xalqimiz fikri asosida yangi tahrirdagi Bosh qomus ishlab chiqildi. Shuni alohida aytish kerakki, bugungi kunga qadar Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qo‘yilar edi. Qonun loyihasini ishlab chiqishda xalq fikri va takliflari o‘rganilmagan edi. Konstitutsiyaning bu matni olimu mutaxassislar tomonidan faqat kabinetlarda yaratilmadi. Balki, dastavval ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari o‘rganildi, shundan so‘nggina loyiha tayyorlandi. Bularning hammasi yangilanayotgan Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Asosiy hujjatimiz tom ma’noda xalq Konstitutsiyasi bo‘layotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlarga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchi navbatda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilmoqda. Avvalgi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida 7 ta modda mavjud bo‘lib, 99-moddada viloyatlar, tumanlar va (shaharlarda) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar, deb belgilab qo‘yilgan edi.
Konstitutsiyaning yangi loyihasida mahalliy davlat boshqaruvi tizimi tubdan o‘zgarmoqda, ya’ni 120-moddada “Viloyat, tumanlar (shahar) hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas”ligi qat’iy belgilanmoqda. Ushbu yangilik asosida Kengashlarning faoliyati, avvalambor, mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilsa, hokimning faoliyati esa mazkur qarorlarni ijro qilishga qaratiladi.

Yana bir jihat, tariximizda ilk bora O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanyapti. Shuning barobarida, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar uch barobar ko‘paytirilyapti.
Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanmoqda. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar uch baravardan ortiqqa oshmoqda.

Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilanyaptiki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengayib, birinchi marotaba har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.

E’tirof etish darkor, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatini jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi. Shu bilan birga, ijro hokimiyati organlarining mas’uliyatini oshirishga, davlatning yangi majburiyatlarini hisobga olgan holda hukumat va hokimlar oldida turgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ahrorbek Mansurov,
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi
O‘zA