“Xalq jamoasi” – Chexiya terma jamoasi
Chexiya terma jamoasi safida eng ko‘p maydonda harakat qilgan futbolchi bu Petr Chex hisoblanadi.
Joriy yilning iyun-iyul oylarida AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlari Jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi. Turnirning "A" guruhidan Meksika, Janubiy Afrika, Janubiy Koreya va Chexiya terma jamoalari joy olgan.
Chexiya terma jamoasi tarixi va ilk o‘yinlari
Chexiya Respublikasi Futbol Assotsiatsiyasi 1901-yilda tashkil etilgan. Ular 1907-yildan beri FIFA va 1954-yildan buyon esa UEFA a’zosi hisoblanadi. Chexlar ilk rasmiy bellashuvini 1994-yilda Turkiyaga qarshi o‘tkazgan va bu bahsda “xalq jamoasi” turklar ustidan 4:1 hisobida ustun kelgan. “Qizillar” eng yirik g‘alabasiga Andorra terma jamoasiga qarshi uchrashuvda erishgan. Bu bellashuvda Chexlar 8:1 hisobida raqibdan ustun kelgan. Ular eng yirik mag‘lubiyatni esa Angilya terma jamoasidan qabul qilib olgan. Bu bahsda “qizillar” 5:0 hisobida imkoniyatni boy bergan. Chexiya terma jamoasi ayni vaqtda FIFA reytingida 43-pog‘onani band qilib turibdi.

Jahon chempionatidagi ishtiroki
Chexiya terma jamoasi hozirgi kunga qadar bir marotaba Jahon chempionatida ishtirok etgan. “Xalq jamoasi” debyutini 2006-yil Germaniya bo‘lib o‘tgan mundialda o‘tkazgan. Ilk turnir Chexlar uchun omadli o‘tmagan. Sababi, bu musobaqada ular Italiya, Gana va AQSH bilan bir guruhdan joy olgan. Guruhning birinchi uchrashuvida chexiyaliklar AQSHga qarshi maydonga tushgan va ularni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib turnirdagi ilk g‘alabasini tantana qilgan. Lekin keyingi ikkita uchrashuvda chexlardan omad yuz o‘girgan. 2-turda Gana va 3-turda Italiya bilan kuch sinashgan “qizillar” ikkala raqibga ham 2:0 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan. Shu tariqa “xalq jamoasi” debyutini o‘tkazayotgan mundialda 3 ochko jamg‘argan xolda guruh bosqichida o‘z yurishini yakunlagan.

Eng yaxshilari va narxi
Chexiya terma jamoasi safida eng ko‘p maydonda harakat qilgan futbolchi bu Petr Chex hisoblanadi. U terma jamoa libosida 124 ta uchrashuvda ishtirok etgan. Terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar esa Yan Koller sanaladi. Futbolchi Chexlar safida 55 ta gol kiritishni uddalagan. Chexiya terma jamoasining hozirda “Transfermarkt” portalidagi narxi 180,80 million yevroni tashkil etadi. Ayni vaqtda terma jamoa tarkibidagi eng qimmat futbolchilar Pavel Shulsa hamda Patrik Shik hisoblanadi. Har ikkala futbolchining hozirda transfer bozoridagi narxi 20 million yevroga baholanmoqda.

Chexiya terma jamoasi yutuqlari
Chexiya terma jamoasi hozirgacha Yevro chempionatida 2 marta sovrindor bo‘lgan. Ular 1996-yilda kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2004-yilda esa bronza medal sohibiga aylangan.
Chexiya terma jamoasi joriy yil bo‘lib o‘tadigan mundialda ilk bellashuvini 11-iyun kuni Janubiy Koreya termasiga qarshi o‘tkazadi. 18-iyun kuni esa ular 2-turda Janubiy Afrikaga qarshi maydonga tushadi. Guruhning so‘nggi bellashuvida Chexlar 24-iyun kuni Meksika bilan kuch sinashadi.