Xalq ishonchini yemiruvchi illat
Xalq orasida “poraxo‘rlik”, “korrupsiya” deb ataluvchi illat har qanday islohotlarning ildiziga bolta uradigan, davlat va jamiyat taraqqiyotini sekinlashtiradigan eng xatarli yo‘l.
Uning mohiyati shuki, mansab yoki xizmat mavqeidan qonunga zid ravishda shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish. Soddaroq aytganda, korrupsiya — davlat hokimiyatini shaxsiy maqsadda suiiste’mol qilish.
Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, korrupsiya jamiyatning ma’naviy va iqtisodiy asoslarini yemirib kelgan. Ayrimlar uni “oddiy ehtiyojni qondirish usuli” deb baholashsa, boshqalar uni taraqqiyot kushandasi sifatida qaraydi. Aslida esa korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi davlat boshqaruvidagi adolatni zaharlaydi. Xalq ishonchini yo‘qotadi hamda iqtisodiy rivojlanishni orqaga tortadi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari imzolagan birinchi hujjat aynan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi. Bu esa ushbu illatga qarshi qat’iy siyosiy irodaning namoyon bo‘lishi, xalq ishonchini mustahkamlash va davlat xizmatini tubdan isloh etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
“Davlat xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil asosida davlat boshqaruvi ochiqligi va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun, Prezidentning korrupsiyaga qarshi tizimni takomillashtirishga doir farmoni shular jumlasidan. Shu bilan birga, qator davlat dasturlari va huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Natijada davlat organlari faoliyati ochiqlandi. Parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlari kengaytirildi. Huquqni muhofaza qilish va sud tizimida islohotlar amalga oshirildi.
Sir emas, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar ko‘p. Mutaxassislar ularni quyidagicha tasniflashadi. Jamoatchilik nazoratining pastligi — fuqarolar faolligi va OAV erkinligi yetarli emasligi, davlat organlari ochiqligi cheklangani — axborotning vaqtida taqdim etilmasligi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omil sifatida qaraladi.
Shuningdek, aholining huquqiy ongi pastligi — huquqiy madaniyat sustligi, iqtisodiy omillar — ayrim mansabdorlarning past maoshi va yuqori vakolati, kadrlar siyosatidagi kamchiliklar — urug‘-aymoqchilik, manfaatlar to‘qnashuvi, ilmiy salohiyatsiz kadrlarning tayinlanishi ham korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omil sifatida keltirilgan.
Bundan tashqari, qonun ustuvorligi pastligi — qonunlar mukammal emasligi yoki bir xil tatbiq etilmasligi, inson omilining yuqoriligi — raqamlashtirishning sustligi, korrupsion xavflarni tahlil qilmaslik — oldini olish mexanizmlarining mavjud emasligi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillardan.
Korrupsiya nafaqat iqtisodiy resurslarni talon-toroj qiladi, balki adolatni buzadi. Rivojlanishni sekinlashtiradi. Davlatga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi. Jamiyatda norozilik va beqarorlikni keltirib chiqaradi. Qonun ustuvorligi zaif joyda haqiqat poymol bo‘ladi, fuqarolar esa himoyasiz qoladi.
Korrupsiyaga qarshi kurash faqat davlat organlarining vazifasi emas, balki butun jamiyat vazifasi. Mutaxassislarning qayd etishicha, korrupsiyaga qarshi kurashishda axloqiy tarbiyani kuchaytirish, yoshlarda halollik madaniyatini shakllantirish kerak. Halol mehnatni rag‘batlantirish, halol biznes va mehnat uchun sharoit yaratish kabi choralar samarali hisoblanadi.
Shuningdek, davlat xizmatini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish, ochiq ma’lumotlar doirasini kengaytirish, shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, fuqarolarning faol ishtiroki ham korrupsiyaga qarshi kurashda samaralidir.
Xalqimizda “Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal” degan naql bor. Korrupsiyaga qarshi kurashda ham asosiy yo‘l — profilaktika, ya’ni, sabablarni bartaraf etish zarur.
– Korrupsiya davlat resurslarini samarasiz sarflashga, adolatsizlikka va xalq ishonchining yo‘qolishiga olib keladi, – deydi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Korrupsiyaga qarshi komplayens nazorati bo‘limi bosh mutaxassisi Sobirjon Yunusov. – Shu sababli unga qarshi kurashish zarur. Yurtimizda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatini shaffoflashtirish, sud va huquqni muhofaza qilish tizimini isloh qilish kabi choralar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar xalqning davlatga ishonchini oshirish va korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA