Xalq diplomatiyasi: Sharqdan G‘arbgacha bo‘lgan ilmiy sayohat (+video)
“Xalq diplomatiyasi” loyihasining navbatdagi sonida Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, ilmiy meros va madaniy ta’sirlar haqida so‘z yuritiladi.
Tarixchi olim Vohidjon Xolovning ta’kidlashicha, G‘arb va Sharq o‘rtasidagi ilk intellektual aloqalar juda qadim davrlarga borib taqaladi. Uning fikricha, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Beruniy kabi buyuk allomalarning asarlari Yevropa ilm-faniga, jumladan Angliyaga ham katta ta’sir ko‘rsatgan.
Olimning fikricha, Abulg‘oziy Bahodirxonning “Shajarai turk va mo‘g‘ul” asari 1730-yillarda ingliz tiliga tarjima qilingani ham muhim voqea sifatida qayd etiladi. Ushbu tarjimalar Yevropa kitobxonlariga Turkiston tarixi va davlatchiligi haqida keng ma’lumot bergan.
Mirzo Ulug‘bek asarlarining o‘rganilishi hamda keyinchalik "Temur tuzuklari"ning 1820–1830-yillarda ingliz tiliga tarjima qilinishi Yevropa va Angliya ilm-fanida katta qiziqish uyg‘otgan.
Ayniqsa, “Temur tuzuklari”ning nashr etilishi uchun yuqori mukofotlar berilgan. Bu asar Angliyada keng tarqalgan. Bu esa Turkiston davlatchiligi, boshqaruv tizimi va tarixiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirgan.
Mazkur jarayonlar nafaqat ilmiy almashinuv, balki madaniy yaqinlashuv uchun ham muhim bo‘lgan. Chunki Yevropa manbalarida Amir Temur davri, uning qudrati, diplomatiyasi va qo‘shin tashkil etish qobiliyati alohida qayd etilgan.
Masalan, tarixiy ma’lumotlarda Buxoro amirligida yuz minglab qo‘shin to‘plash imkoniyati mavjud bo‘lgani, xalqning jasorati, ozodliksevarligi va birdamligi alohida ta’kidlanadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi tarixiy aloqalar asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda ham ilmiy va madaniy hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LGXEAEgQJ6I" title="Xalq diplomatiyasi: Sharqdan G`arbgacha bo`lgan ilmiy sayohat " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
N.Abduvoitov (video),
A.Ahmedov (montaj), O‘zA