Xalq dardu tashvishi davlatimiz e’tiborida
Yurtimizda aholi huquqiy xabardorligini oshirish, joylarda xalq bilan davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman tashabbusi bilan “Ombudsman maktabi” tadbirlari muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Shu kunlarda shunday tadbirlardan biri Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi Shukrona, Fazilat va Yuksalish mahallalarida o‘tkazildi. U Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman, Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi, Xovos tumanidagi “Madad” huquq maslahat byurosi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat kengashi hamda Yangiyer shahar hokimligi hamkorligida uyushtirildi.

Tadbirda mahalla aholisi tomonidan qator dolzarb masalalar ko‘tarildi. Jumladan, kreditlash sohasidagi muammolar, uy-joy masalasi, tibbiy xizmatlardan samarali foydalanishdagi qiyinchiliklar, jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit yaratish kabi muhim masalalar muhokama etildi.
– Tadbir davomida ko‘tarilgan har bir murojaat alohida o‘rganildi. Ayrim masalalar joyida hal qilindi. Qolganlari esa Ombudsman nazoratiga olinib, huquqiy asosda hal etilishi ta’minlanadi, – deydi Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimov.

Tadbirda shahar hokimligi, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari hamda boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi. Ularning faol ishtiroki ko‘plab masalalarni tezkor hal etish imkonini berdi.

Shu bilan birga, “Ombudsman maktabi” doirasida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning samaradorligini oshirish, ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga solish, shuningdek, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun asosida bepul huquqiy yordamlar to‘g‘risida keng qamrovli tushuntirishlar berildi.
Bunday tadbirlar aholining huquqiy ongi va faolligini oshirish, muammolarni manzilli hal etish, jamiyatda davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri