Xalq dardini eshitish adolatli boshqaruvga yo‘l ochadi
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” – bu so‘zlar shunchaki shior emas, balki Yangi O‘zbekistonning davlat boshqaruvi falsafasiga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Xalq qabulxonalari tizimi esa bu falsafaning hayotdagi ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyati Zarbdor tumanida o‘tkazilgan navbatdagi hokim qabuli – bu so‘zlar shunchaki aytilmayotganligini yana bir bor isbotladi. Qabulda tuman hokimi Bekzod Toshpo‘latov fuqarolarni shaxsan qabul qildi. Tadbir shunchaki, “xo‘ja ko‘rsin” ga emas – balki xalq dardini eshitish, tushunish va ularning yechimini topish uchun o‘tkazildi.
Xalq qabulxonalarida tizim o‘zgardi, mas’uliyat oshdi. Avvallari Xalq qabulxonalarida maxsus mudir faoliyat yuritar, hokimning o‘zi esa ko‘p hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaro dardiga guvoh bo‘lmas edi. Endilikda esa bu tubdan o‘zgardi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalq qabulxonalari mudirlarining vakolati tugatildi va hokimlar faoliyatini aynan qabulxonalarda fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotdan boshlashlari belgilandi. Bu, ayniqsa, mas’uliyat va javobgarlikni mutlaqo yangi pog‘onaga ko‘tardi.

Zarbdor tumani Xalq qabulxonasida o‘tkazilgan navbatdagi qabul buning yaqqol tasdig‘i bo‘ldi. Ushbu qabulda qatnashgan Yunus Azimovning so‘zlari faqat bir fuqaroning dardi emas – balki yuzlab, ishsiz, hech qanaqa daromadsiz yurgan yurtdoshlarimizning yuragidagi orzu va umidlarning ifodasi bo‘lsa, ajab emas.
– To‘g‘risi, hokimdan bunday taklifni kutmagan edim. Imtiyozli kredit evaziga issiqxona qurish va unga ekilgan ekinning hosilini olganimdan so‘nggina kreditni to‘lash, bu men uchun yangilik bo‘ldi. Albatta, bundan juda xursand bo‘ldim. Ushbu qabuldan men nafaqat muammomga ijobat, balki ertangi kunimga ishonch ham oldim. 30 dan ortiq murojaatchilardan yana biri Nargiza opa Tursunboyeva. U tuman markazidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlaydi. Boquvchisidan ayrilgan ayol. Bolalari kichik, daromad yetishmasligi, uy-ro‘zg‘ordagi og‘irliklar, kommunal to‘lovlar iskanjasida yashab kelayotgan edi.
– Ba’zan inson bir muammoni aytishga ham uyaladi, eshitadigan odam topilsa, o‘zi katta yengillik. Shu sayyor qabulda menga quloq tutishdi, muammomni eshitishdi. Sog‘in sigir olish niyatim borligini aytganimda, saxovatli insonlardan biri pulini to‘lab berdi. Buni hamma ham qilolmaydi. Men esa shukr qildim: xalq dardini eshitadigan hukumat vakillari, yurtimizda saxovat sohiblari ko‘p ekan. Sayyor qabul mas’uliyatini oshirib, xalqni rozi qilayotgan Prezidentimizdan minnatdorman.. U kishi tufayli bunday imkoniyatlar paydo bo‘lyapti, – deydi ko‘zlaridagi quvonch va rizolik yoshlarini yashira olmay Nargiza opa.

Bo‘ston mahallasida yashovchi Oqila momo Nurmatova ham qabulda ishtirok etdi. Qizining hayotdagi og‘ir holati, 4 oila bir uyda yashashi uni tashvishga solayotganini aytdi:
– Qizimning turmushi buzilib, ikki farzandi bilan mana bir necha yildirki, biz bilan yashab kelyapti. Bundan tashqari, uyda yana uch oila bor. Ertaga cholu kampir bu dunyodan o‘tsak, qizim bolalari bilan qayerga boradi, deb ko‘nglim tinch emasdi. Shu dard bilan Xalq qabulxonasiga kelgan edim. Hokimning o‘zi mening murojaatimni eshitdi. Hokimimizdan kimlarga yordam ko‘rsatishni so‘rab, murojaat qilgan saxovatpesha yurtdoshlarimiz ham bor ekanini eshitib, xudoga behisob shukurlar aytdim. Ana shu saxovatli homiylar sement, shifer, shag‘al bilan yordam berishni maqsad qilibdi. Qizimning aka-ukalari hashar qilib, uyni ko‘tarish uchun kerakli g‘ishtini quyib berdi. Endi farzandlarim: “Shu yozda uyni ko‘tarib, ustini yopib olsak, qolganini o‘zimiz bitkazamiz” deyishyapti.

Xalq qabulxonasidagi bugungi manzara – xalqqa quloq tutish, fuqarolarning dardini eshitish, javobgarlikni his etish namunasi bo‘ldi. Xalq qabulxonalarida ko‘rilayotgan har bir murojaat – muammolarning yechilishi xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Bu kabi yuzma-yuz uchrashuvlar jamiyatdagi adolat, samimiyat va muhabbat tuyg‘ularini qayta jonlantiradi.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida hokimlar “chiroyli hisobotlar”dan voz kechib, xalqning orasiga kirishni o‘zlarining chinakam burchi deb bilmoqda. Bu yo‘lda har bir qabul, har bir muloqot, har bir quloq solingan dard ulkan natija beryapti.
Zarbdor tumanining Xalq qabulxonasida o‘tgan hokim qabuli esa shunga yorqin misol bo‘ldi. Xalq dardiga quloq solish – bu shunchaki uslubiy o‘zgarish emas, balki yangi siyosiy madaniyat, xalqparvar boshqaruvning yuzaga kelishidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri