Xalq dardi bilan yashash deputatlik burchdir
Xalq dardi bilan yashash, aholi muammolariga befarq bo‘lmaslik deputatlik faoliyatining eng ustuvor va mas’uliyatli yo‘nalishlaridan biridir.
Zero, xalq ishonchi bilan saylangan vakil uchun har bir murojaat, har bir oilaning taqdiri alohida ahamiyat kasb etadi. Amaliy yordam, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan ko‘mak va insonparvarlik munosabati esa jamiyatda o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi.
Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani “Aqtuba” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Xo‘ja qishlog‘ida baxtsiz hodisa yuz berdi. Fuqaro Berdaq Rustemovning yashab turgan uyida yong‘in kelib chiqib, xonadonning ayrim qismlari jiddiy zarar ko‘rdi. Oqibatda uyning ba’zi xonalari yaroqsiz holatga kelib, oila a’zolari og‘ir sinovga duch keldi. Bu holat nafaqat ushbu oilaning, balki butun mahallaning dardiga aylandi.

Voqeadan xabar topgan xalq deputatlari Kegeyli tuman Kengashi kotibiyati mudiri B.Iskenderov, shu hududdan saylangan O‘zLiDePdan tuman Kengashi deputati J.Kaypov qishloq fuqarolar yig‘ini vakillari bilan birgalikda zudlik bilan hodisa joyiga yetib borishdi. Ular avvalo, jabrlangan oila holidan xabar olib, mavjud vaziyatni atroflicha o‘rgandilar.
O‘rganishlar davomida uyning zarar ko‘rgan qismlarini qayta tiklash, hududni chiqindilardan tozalash, elektr ta’minotini barqarorlashtirish hamda oilaga moddiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish masalalari yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi. Deputat tomonidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Jumladan, tuman elektr tarmoqlari bo‘limiga uyning saqlanib qolgan xonalarida elektr ta’minotini tiklash, zarur montaj va ta’mirlash ishlarini qisqa muddatlarda amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Obodonlashtirish boshqarmasiga esa yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonalarni tozalash uchun maxsus texnika va ishchi kuchini jalb etish bo‘yicha murojaat yo‘llandi. Shuningdek, Kegeyli tumani “Inson”ijtimoiy xizmatlar markaziga jabrlangan oilaga moddiy yordam va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish yuzasidan tegishli takliflar kiritildi.
Kegeyli tumanida har bir murojaat e’tibor markazida. Har bir oilaningtaqdiri, har bir fuqaroning muammosi deputatlar nazoratida. Zero, xalq bilan birga og‘ir kunda yelkadoshbo‘lish deputatlik burchining eng yuksak ifodasidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.