Xalq bor – rahbarlik va lavozim bor...
O‘zA kuzatuvi: O‘zbekiston amaldorlari hafta davomida qanday ishlar bilan shug‘ullandi?
Rahbarlarning ish faoliyati bir qarashda ularning kundalik yumushlarini ifodalaydi. Ammo chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, xayrli tashabbuslarining ijtimoiy mohiyatini anglash qiyinmas.
"O‘zA kuzatuvi" loyihasi doirasida biz yana Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning haftalik faoliyatiga nazar tashladik.
Vazirlik matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil 14 fevral vazir Ibrohim Abdurahmonov Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida bo‘lib o‘tgan Toshkent davlat texnika universiteti olimlari tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi ishiga start berdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, tijoratlashtirish maqsadida taqdim etilgan ishlanmalarning umumiy soni 50 taga yaqin bo‘lib, ularning aksariyati universitetning yosh olimlari tomonidan yaratilgan.
Mazkur ishlanmalar energetika va muqobil energetika tizimlari, kimyo va kimyoviy sanoat, konchilik hamda neft va gaz sanoati texnika va texnologiyalari, robototexnika atrof muhit muhofazasi, materialshunoslik va zamonaviy yangi materiallar yo‘nalishlaridagi innovatsion va startap loyihalar natijalaridir.
15 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya O‘zRFA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti binosiga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ta’mirlash va jihozlash ishlarini kuzatdi.
Shu kuni Ibrohim Abdurahmonov O‘zR FA Botanika instituti faoliyati bilan tanishdi. Institut rahbariyati, olimlari, tadqiqotchilari bilan suhbat chog‘ida o‘simliklar olamini o‘rganish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarni inobatga olgan holda noyob botanik kolleksiyalarni saqlash sharoitini yaxshilash masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari vazir «Skolkovo» Moskva boshqaruv maktabi prorektori Yevgeniy Kaganer bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining innovatsiyalarga mas’ul prorektorlari uchun «Skolkovo» markazidagi oliy o‘quv yurtlarida «boshqaruv» o‘qitish dasturini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi.
16 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vaziri O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston milliy metrologiya institutida bo‘lib, institut infratuzilmasi, laboratoriyalari, xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, institut rahbarlari va ilmiy xodimlari bilan uchrashdi.

17 fevral kuni mas’ul boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatida xizmat safari bilan bo‘ldi. Ibrohim Abdurahmonov raisligida Guliston davlat universiteti Kuzatuv kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
18 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Jahon bankining «O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasidagi tanlovlarga bag‘ishlangan vebinar o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa orqali o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligidagi tadbirda 100 dan ortiq prorektorlar, vazirlik va idoralar vakillari, loyiha huzuridagi Xalqaro ekspert kengashi a’zolari ishtirok etdi.
O‘tgan haftada vazirlikning ikki marta hay’at yig‘ilishi o‘tkazilib, I.Abdurahmonov raislik qildi. Yig‘ilishda 20 dan ortiq ilmiy loyihalar muhokama qilindi va ulardan munosiblari moliyalashtirishga tavsiya etildi.
Bundan tashqari Hay’atda «Yashnobod» innovatsion texnoparki loyihalarining rezidentlik maqomini uzaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Muhayyo TOSHQORAEVA, O‘zA