Xalq bilan bo‘l, uning og‘irini yengil qil!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 1 iyunda Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Ohangaron shahar Davlat xizmatlari markazining yangi binosida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishgan edi.
Davlatimiz rahbari aholi ko‘p murojaat qilayotgan masalalarni o‘rganib, shunga taalluqli sharoitlarni yaxshilash, talab etiladigan hujjatlarni kamaytirib borish zarurligini ta’kidlagan, Davlat xizmatlari markazi tizimidan foydalangan holda mahalla idoralarida ham hujjatlar bilan ishlashni takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar bergan edi.
Mana shunga ham 2 yil bo‘layapti. Shu vaqt davomida “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu g‘oyaning nechog‘li to‘g‘ri ekanligiga guvoh bo‘ldik. Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirildi. Xalqimizning og‘irini yengil qilish, ularga “davlat-fuqaro” munosabatlarida qulaylik yaratish va shaffoflikni ta’minlash maqsadida davlat rahbari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning yangi konsepsiyasi ilgari surildi. Bu aholining hayot sifatini yanada yaxshilash, mamlakatimizda investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini oshirishga va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga katta imkon yaratdi.
Prezidentimizning 2020 yil 31 yanvardagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tizimda qator ustuvor yo‘nalish va vazifalar belgilab berilgan.
Davlatimiz rahbari qaysi viloyatga borsa, albatta, Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, sohaga innovatsion yechimlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlar bazalarini idoralararo elektron hamkorlik yagona tizimiga integratsiya qilish, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish, olis joylarga chiqish orqali “mobil davlat xizmatlari” ko‘rsatishning qulay va shaffof uslublaridan foydalanish, sohada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishini bartaraf etish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarni ilgari suradi.
Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlarida ham bu an’ana davom etdi. Ayniqsa, Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Davlat xizmatlari markazlarida fuqarolarga yaratilgan sharoit bilan tanishish jarayonida “Davlat xizmatlari markazi orqali odamlar davlatning e’tiborini sezishi kerak”, – deya alohida ta’kidlagan edi. Xususan, davlat xizmatlarini taqdim etish sohasidagi yangicha yo‘nalish va yondashuvlarni belgilab berib, aynan talab va ehtiyojga qarab davlat xizmatlarini taklif etish lozimligi, bu tizimdan foydalanish hayotimizdagi oddiy bir jarayon, kundalik odat kabi ko‘nikma shakllanishi juda ham muhimligi aytildi.

bugungi kunda asosiy e’tiborimiz, davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish ko‘nikmalarini mahallalarda, shuningdek, yoshlar o‘rtasida shakllantirishga qaratilmoqda. Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi va markazlarida “DXM – MAHALLA – FUQARO” tamoyiliga alohida e’tibor qaratilyapti. “Qarshi tajribasi” asosida davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalari maxsus treninglar, mahorat darslari o‘tilgan holda aholiga o‘rgatilmoqda.
Shu kunga qadar viloyatdagi mavjud 1 ming 44 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 235 tasida davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Unda 1 ming 300 nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi. Shuningdek, viloyatdagi 891 ta ta’lim muassasasining 225 tasida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, 8 mingdan ortiq o‘qituvchi va o‘quvchiga elektron xizmatdan foydalanish tartibi o‘rgatildi.
Yoshlar ishtirokida yangi markaz binolarida ochiq darslar, ekskursiyalar o‘tkazilmoqda. Sababi, o‘quvchilar uchun barcha xizmatlar haqida to‘liq ma’lumotni aynan shu sohada xizmat ko‘rsatayotgan xodimlardan eshitish ancha foydali hamda qiziqarli bo‘ladi.
Umumta’lim maktablarida voyaga yetib kelayotgan ijtimoiy hayot ishtirokchilarini davlat xizmatlari to‘g‘risida hozirdanoq to‘liq tushuncha va ma’lumotga ega bo‘lishlarini ta’minlash bizning asosiy maqsadimizdir. Maktab bitiruvchilari ertaga, albatta, davlat xizmatlaridan foydalanishiga to‘g‘ri keladi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ham joriy yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga ko‘paytirib, ularni jami 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarurligini aytib o‘tgan edi. bugungi pandemiya sharoiti aholiga masofadan turib xizmat qilish qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatdi.
Viloyatda Qarshi tajribasi asosida har bir mahallada davlat xizmatlarini ko‘rsatish burchaklarini tashkil etish birlamchi maqsad qilib olindi va mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan kelishgan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish burchaklari tashkil etilmoqda. Xalq bilan bunday yaqinlik, taklif etilayotgan xizmat turlari va ularning sifati, qaysi jihatlariga ko‘proq e’tibor berish lozimligi, qaysi jarayonni yengillashtirish yoki bekor qilish haqida aynan xizmat iste’molchisidan fikr olish faqatgina tizimni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bugun Davlat xizmatlari markazlarida aholi uchun qulay sharoit, imkoniyat yaratish eng muhim vazifa hisoblanadi. Shu maqsadda viloyatda 22 ta Davlat xizmatlari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan aholiga 150 ga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Tuman markazlaridan olis bo‘lgan qishloqlar aholisining davlat xizmatlaridan tezkorlik bilan foydalanishini ta’minlash maqsadida markazlarning 6 ta filiali tashkil etildi. Bunday maskanlar qishloq joylarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari hayotini yaxshilash, xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sifatini yaxshilashga bevosita hissa qo‘shadi. Kelgusida yana yangi filiallar ochish rejalashtirilgan.

Tuman va shahar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 2017 yilda 16 ming 785 ta xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2020 yilda esa 734 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. O‘tgan yilda davlat xizmatlarining 692 ming 578 tasi bevosita markazlarda amalga oshirilgan bo‘lsa, 42 mingga yaqin fuqaro xizmatlardan mustaqil ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali foydalangan. 2020 yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 18 ming 751 tani tashkil etgan bo‘lsa, shundan 3 ming 552 tasi markazlarga kelmasdan, onlayn tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Viloyatning olis, chekka hududlarida yashovchi aholining davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida o‘tgan yili 3 ming 506 ta sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Ayni kungacha markazlarning 13 tasida innovatsion binolar foydalanishga topshirildi. Yil yakunigacha qolgan tuman va shaharlarda ham zamonaviy binolar topshirilishi rejalashtirilgan.
Bugun yurtimizdagi eng chekka qishloq, mahalla va ovullar ham obodonlashib, tobora chiroy ochib bormoqda. Tuman markazlarida qad ko‘tarayotgan Davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari kishi havasini keltiradi.
Markazdagi ona va bola, tibbiyot xonasi, bufet, mo‘’jazgina kutubxona, kutish joylari, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish joylari... Bulardan ko‘nglingiz tog‘dek yuksaladi. Ayniqsa, qishning ayozli, yozning jazirama kunlarida oldingidek qiyinchilik, sarsongarchiliklar yo‘q. Markazlarda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Aslida maqsad ham, asosiy g‘oya ham shu. Xalqimizga yanada yaqin va ularning ichida bo‘lishdir.
Ilhomjon Abdusattorov,
Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA