“Xalq bilan birga”: sayyor qabul natijalari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida Ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Mazkur tadbir aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish hamda ularga joyida yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda partiya tomonidan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi joylarda aholi muammolarini aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim mexanizmga aylanmoqda. Ayniqsa, sayyor qabullar orqali aholi vakillari o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalarni mutasaddilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkoniga ega bo‘layotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sayyor qabulda partiyaning markaziy va hududiy kengashlari vakillari, O‘zLiDePdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mahalliy Kengash deputatlari, shuningdek, Respublika va tuman miqyosidagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Unda fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarga oid murojaatlari tinglandi. Eng muhimi, murojaatlar joyida o‘rganilib, aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, jami 100 ga yaqin murojaat qabul qilinib, ularning 50 dan ortig‘i joyida ijobiy hal etildi. Bu esa sayyor qabulning samaradorligini, partiyaning xalq manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy harakatlarini yaqqol namoyon etdi.
Sayyor qabul doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 5 nafar keksa avlod vakiliga sog‘lomlashtirish uchun sanatoriylarga yo‘llanma berildi. Shuningdek, 3 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi topshirildi.
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Axborot texnologiyalari yo‘nalishida bilim olayotgan bir nafar talaba qizga noutbuk taqdim etildi. Bundan tashqari, 5 nafar kam ta’minlangan yoshning oliy ta’lim muassasalaridagi shartnoma to‘lovlari qoplab berildi.
Bandlikni ta’minlash masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Xususan, 10 nafar fuqaroga o‘z faoliyatini boshlashi uchun ustachilik asbob-uskunalari berildi. Shu bilan birga, 10 nafar xotin-qiz tadbirkorlik sub’ektiga ishga joylashtirilib, ularning doimiy bandligi ta’minlandi.
Fuqarolarning ta’kidlashicha, bunday sayyor qabullar ular uchun katta imkoniyat yaratmoqda. Jumladan, ish bilan ta’minlanish masalasida murojaat qilgan fuqarolar qisqa vaqt ichida ishga joylashganini bildirishdi. Shuningdek, sog‘ligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatilib, ularning hayot sifati yaxshilanmoqda.
[gallery-29037]
Keksa avlod vakillari esa bu kabi qabullar orqali o‘z muammolarini oson hal etish imkoniyatiga ega bo‘layotganini alohida ta’kidladi. Yoshlar tomonidan bildirilgan fikrlarga ko‘ra, ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Ota-onalar ham farzandlarining ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan amaliy yordamni yuqori baholab, bu kabi tashabbuslar ko‘plab oilalar uchun katta yengillik yaratayotganini qayd etdi.
“Xalq bilan birga” tamoyili asosida tashkil etilayotgan bunday sayyor qabullar joylardagi muammolarni tizimli hal etish, aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirish va ularning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslikda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.