Xakas milliy raqslari Toshkent sahnasida
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri sahnasida xakas xalqining boy milliy madaniyati va qadimiy raqs an’analarini namoyon etgan «Kӱn suzы» raqs ansamblining konserti bo‘lib o‘tdi.
«Kӱn suzы» — xakas tilidan tarjima qilinganda «Quyosh nuri» ma’nosini anglatadi. 2007-yilda V. G. Chaptikov nomidagi Xakas Respublika (Rossiya Federatsiyasi) filarmoniyasi qoshida tashkil etilgan mazkur professional jamoa xakas xalqining unutila boshlagan raqs an’analarini qayta tiklash, ularni asrab-avaylash va zamonaviy sahna talqinida namoyish etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Bosh baletmeyster Natalya Apunevich rahbarligidagi ansambl dasturidan erkaklar guruhining shiddatli va dinamik harakatlariga boy raqslar, qizlarning nafis va maftunkor davra raqslari, shuningdek, milliy yumor uyg‘unlashgan sahna kompozitsiyalari o‘rin oldi.
Konsert davomida raqslar Xakasiyaning yana bir mashhur ijodiy jamoasi — «Ӱlger» ansambli ijrosidagi an’anaviy o‘rnish, ya’ni bo‘g‘iz qo‘shiqlari va milliy cholg‘u asboblarining jonli sadolari bilan uyg‘unlashdi. Bu esa tomoshabinlarga xakas xalqining o‘ziga xos musiqa va raqs madaniyatini yanada yaqinroq his etish imkonini berdi.
Ko‘plab xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan «Kӱn suzы» ansambli Xakas milliy san’atini nainki Rossiyada, balki Fransiya, Germaniya, Italiya, Turkiya kabi mamlakatlarda ham muvaffaqiyatli namoyish etib kelmoqda.
Toshkentdagi ushbu konsert «San’at dunyosi» II Rossiya san’at festivalining keng qamrovli dasturi doirasida tashkil etildi. Mazkur festival O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Kinofestivallar va xalqaro dasturlar markazi, Xakasiya Respublikasi Madaniyat vazirligi, Rossiya Badiiy akademiyasi, A. Ya. Vaganova nomidagi Rus balet akademiyasi hamda «Roskonsert» federal muassasasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir xakas xalqining noyob madaniy merosini keng jamoatchilikka tanitish, xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni yanada mustahkamlash va san’at orqali do‘stlik rishtalarini boyitishga xizmat qildi.
N.Usmonova, O‘zA