“Wire & Tube Düsseldorf 2026” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston salohiyati namoyish etilmoqda
Bugun Germaniyaning Dyusseldorf shahrida “Wire & Tube Düsseldorf 2026” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Unda ko‘plab davlatlar qatorida O‘zbekiston ham elektronika va elektrotexnika sohasidagi salohiyatini namoyish etmoqda.

Ta’kidlash kerakki, “Wire & Tube Düsseldorf 2026” ko‘rgazmasi kabel, sim, quvur va metallurgiya sanoati yo‘nalishida dunyodagi yetakchi kompaniyalarni birlashtiruvchi yirik xalqaro platformalardan biri hisoblanadi.
–Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan kabel-sim mahsulotlari, zamonaviy elektrotexnika yechimlari hamda sanoat salohiyati xalqaro bozor ishtirokchilari e’tiboriga taqdim etilmoqda. Tadbir milliy ishlab chiqaruvchilar uchun o‘z mahsulotlarini global maydonda namoyish etish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda muhim imkoniyat hisoblanadi. Shuningdek, tadbir davomida xorijiy kompaniyalar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish, yangi hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish hamda eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan, – dedi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma 17-aprel kuni o‘z ishini yakunlaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA