“Wildberries” O‘zbekistonda Markaziy Osiyo logistika markazini yaratadi
“Wildberries” O‘zbekistonda Markaziy Osiyo logistika markazini yaratish va mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish uchun 300 million dollardan ortiq mablag‘ sarflash rejasini e’lon qildi. Loyiha “Wildberries & Russ” qo‘shma kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Kompaniya bosh direktori Robert Mirzoyan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida e’lon qilganidek, tegishli sarmoya logistika salohiyatini kengaytirish, foydalanuvchi va mahalliy tadbirkorlar uchun yangi xizmat turlarini ishga tushirishga yo‘naltiriladi.
Yangi markaz “Wildberries” saralash majmuasi va hozir Toshkent viloyatida qurilayotgan, taxminan 170 000 kvadrat/metr maydonni egallagan ombor, shuningdek kompaniya faoliyat yuritadigan boshqa mamlakatlardagi infratuzilmani birlashtiradi. Ma’lumotga ko‘ra, logistika maskani Markaziy Osiyodan mahsulot eksport qilish uchun asosiy platformaga aylanadi, Rossiya – O‘zbekiston – Yaqin Sharq yo‘lini bog‘laydi va Xitoy – O‘zbekiston – Afrika yo‘nalishi orqali Afrika bozoriga tovar tranzitini osonlashtiradi.
S.Rahimov, O‘zA