WBC reytingida bokschilarimizning o‘rni qanday?
Butunjahon boks kengashi (WBC)ning sentabr oyi uchun reyting jadvali yangilandi. Yangi ro‘yxatda O‘zbekistonning 11 nafar vakili turli vazn toifalarida eng kuchli 40 nafar bokschi orasidan joy olgan.
WBC tomonidan sentabr oyi uchun yangilangan reytingida mamlakatimiz bokschilari orasida eng yuqori natija Murodjon Ahmadaliyevga tegishli bo‘lib, u ikkinchi eng yengil vazn toifasida 3-pog‘onadagi mavqeini saqlab qoldi.
Ushbu vazn toifasida yana bir hamyurtimiz — Muhammad Shexov ham reytingdan joy olgan. U bir pog‘ona yuqorilab, 9-o‘ringa ko‘tarildi. Superog‘ir vaznda Bahodir Jalolov 11-o‘rindagi mavqeini saqlab qolgan bo‘lsa, Lazizbek Mullojonov uch pog‘ona pastlab, 25-o‘rindan joy oldi. Yengil vaznda Sirochbek Ismoilov ham o‘z natijasini yaxshiladi. U 16-o‘rindan 15-pog‘onaga ko‘tarildi.
Supero‘rta vaznda Bektemir Meliqo‘ziyev 6-o‘rinni egallagan. U avvalgi oyga nisbatan bir pog‘ona pastlagan. Nurislom Ismoilov esa 28-o‘rindagi o‘rnini saqlab qoldi. Birinchi o‘rta vaznda Isroil Madrimov 8-o‘rindan joy oldi. Hamyurtimiz avvalgi reytingda 7-pog‘onada edi. Birinchi yarim o‘rta vaznda esa O‘zbekistonning uch nafar bokschisi reytingdan o‘rin olgan. Mujibillo Tursunov bir pog‘ona yuqorilab, 28-o‘ringa ko‘tarildi. Shohjahon Ergashev 31-o‘rinni egalladi, Ruslan Abdullayev esa 35-pog‘onadagi mavqeini saqlab qoldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA