O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida har tomonlama hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bunday aloqalarni Yadro fizikasi instituti va “Rosatom” davlat korporatsiyasi faoliyatida ham kuzatish mumkin.
“Rosatom” davlat korporatsiyasining “TVEL” yonilg‘i kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti o‘rtasida “VVR-SM” tadqiqot reaktori uchun modifikatsiyalangan yadro yonilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Ta’kidlash joizki, Novosibirsk kimyo konsentratlar zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan zich uranli va uran-kremniy yonilg‘isi ilgari O‘zbekistonga yetkazib berilgan standart IRT-4M yonilg‘i kassetalariga qaraganda yuqori darajadagi iste’mol xususiyatlariga ega. Uranning yuqori konsentratsiyasi tufayli yonilg‘i kompaniyasining davomiyligini mutanosib ravishda oshirishni ta’minlash mumkin.
Shartnomaga muvofiq, O‘zbekistonga yonilg‘i yetkazib berish jarayoni Yonilg‘i kompaniyasi tomonidan 2022 va 2023 yillar davomida amalga oshiriladi.
Ushbu imzolangan shartnoma va hamkorlikning amaliy jihatlari haqida ikki mamlakat vakillari quyidagicha munosab bildirdi.
– “Rosatom”ning “TVEL” yonilg‘i kompaniyasi delegatsiyasining tashrifi natijalaridan mamnunman. Shuningdek, tashkilotlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish borasida juda qizg‘in muzokaralar o‘tkazdik. Yonilg‘i kompaniyasi va institutimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik darajasini mustahkamlash va yaxshilashga ishonchim komil, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov.
– Shuni ta’kidlash joizki, ilmiy-tadqiqot muassasalari, katta quvvatli AESlar hamda barcha buyurtmachilarimiz uchun doimo yuqori sifatli yadro yonilg‘isini joriy etish orqali reaktor samaradorligini oshirish borasida yangi yechimlarni ishlab chiqmoqdamiz. O‘zbekistondagi strategik hamkorlarimiz uchun nafaqat yonilg‘i ta’minotini amalga oshirishga, balki bugungi kunda mazkur turdagi reaktorlarni o‘rnatishning eng zamonaviy usullarini ham taklif qilishga tayyormiz, – dedi “TVEL” OAJ savdo va xalqaro biznes bo‘yicha katta vitse-prezidenti Oleg Grigorev.
– Shu bilan bir qatorda, Toshkentdagi muzokaralar natijasida yonilg‘i kompaniyasi va Yadro fizikasi instituti o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro ish faoliyatimizning potensial yo‘nalishlarini belgilab oldik hamda ularni rivojlantirish bo‘yicha yaqin kelajakda ishlashni boshlaymiz, – dedi “TVEL” OAJning ilmiy-texnik masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksandr Ugryumov.
Qayd etish kerakki, “VVR-SM” reaktoridan yadro fizikasi, radiatsion materialshunoslik, faollashuv jarayonini tahlil qilish, minerallarni nurlantirish sohalaridagi tadqiqotlar, shu bilan birga, tibbiyot va sanoat uchun radioizotoplar ishlab chiqarish maqsadlarida keng foydalaniladi.
Ushbu qurilma uchun Rossiya yadro yonilg‘isini yetkazib berish to‘g‘risidagi avvalgi shartnoma 2017 yilning noyabr oyida Toshkent shahrida ikki mamlakat Bosh vazirlari tomonidan imzolangan edi.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA