O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksida voyaga yetmaganlarning jinoyat ishlarini yuritishga oid alohida bobning bo‘lishi xalqaro huquq talablariga mos ravishda belgilangan.
Milliy Parlamentimiz ushbu bobdagi qoidalarni shakllantirishda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948), Bola huquqlari deklaratsiyasi (1959), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (1966), BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi (1989), Ozodlikdan mahrum qilingan voyaga yetmaganlarning himoyasiga oid BMT qoidalari (1990) talablaridan kelib chiqqan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 547-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etganiga qadar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlariga oid ishlar alohida ish yurituvi tartibida ko‘rilishi, jinoiy javobgarlik yoshi 14,16 va 18 yosh qilib belgilanganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Bunda jinoiy javobgarlik yoshining bu tarzda belgilanganligi xalqaro hujjatlarga mos bo‘lib, voyaga yetmaganlarning sodir etgan qilmishlariga nisbatan ruhiy munosabati va qilmishning ijtimoiy xavfliligi hisobga olingan.
Amaldagi Jinoyat protsessual kodeksiga muvofiq, voyaga yetmaganlarning jinoyatlariga doir ishlarni yuritish quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarga ega;
Birinchidan, voyaga yetmaganlarning jinoyatlariga oid ishlarni yuritishda qonuniy vakillar va himoyachining ishtirok etishi shartligi, ya’ni ushbu kodeksning 51 va 52-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda, voyaga yetmaganlarning ishlari bo‘yicha himoyachining ishtirok etishi shartligi, eng avvalo uning huquqlarini real tarzda ta’minlashga olib kelsa, qonuniy vakilining ishtirok etishi esa uning fiziologik va ruhiy holatidan kelib chiqqan o‘zini himoya qilish imkoni cheklanganligi e’tiborga olinib, belgilangan.
Ikkinchidan, voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarning o‘ziga xosligi, ya’ni bunda voyaga yetmaganning aniq yoshi, uning shaxsiga xos xususiyatlari va salomatlik holati, uni turmush va tarbiyalanish sharoitlari va nihoyat, katta yoshli dalolatchilar hamda boshqa ishtirokchilarning bor yoki yo‘qligi haqidagi mezonlar aniqlanishi belgilangan.
Uchinchidan, voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchining so‘roq qilinish jarayonining o‘ziga xosligi, ya’ni amaldagi JPK talablariga muvofiq, so‘roq qilish chog‘ida tergovchining ruxsati bilan voyaga yetmaganning qonuniy vakili, tergovchi yoki prokurorning ixtiyoriga ko‘ra, pedagog yoki psixolog ishtirok etishini belgilanganligi, bundan tashqari, JPKning 553-moddasiga muvofiq, voyaga yetmagan gumon qilinuvchi ayblanuvchini so‘roq qilishga ketgan umumiy vaqt, kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda, olti soatdan oshmasligi kerakligi belgilangan.
To‘rtinchidan, voyaga yetmaganlarga nisbatan ehtiyot choralarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari, ya’ni JPKning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘lgan taqdirda voyaga yetmagan ayblanuvchiga JPKning 237-moddasida nazarda tutilgan ehtiyot choralaridan birini qo‘llash mumkinligi, bunda voyaga yetmagan shaxs ota-onasining, homiylar, vasiylarning qaroviga yoki basharti u bolalar muassasasida tarbiyalanayotgan bo‘lsa, shu muassasa rahbarining qaroviga topshirilishi mumkin. JPKning 556-moddasida, voyaga yetmagan shaxsni qarovga topshirish tartibi, 557-moddasida, bolalar muassasasiga joylashtirish tartibi, 558-moddasida, voyaga yetmagan ayblanuvchini qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi belgilangan.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevral kunidagi 1-sonli «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 12-bandida, «Voyaga yetmaganlarga nisbatan jazo tayinlashda sudlar JK 81-90-moddalarida belgilangan xususiyatlarni inobatga olishlari shart.
Voyaga yetmaganlarga jazo tayinlash paytida JK 54-moddasida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, har bir muayyan holda, shuningdek, uning rivojlanish darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasi, sog‘lig‘i, jumladan, ruhiy rivojlanish darajasi, jinoyatni sodir etish motivlari, katta yoshdagi shaxslarning uning xulq-atvoriga salbiy ta’siri haqidagi ma’lumotlar, shaxsiga ta’sir qiluvchi boshqa holatlar aniqlanishi va baholanishi lozim.
O‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar jinoyat sodir etgan shaxs ish sudda ko‘rilayotgan vaqtda voyaga yetgan bo‘lsa ham, unga nisbatan tayinlanayotgan jazo muddati yoki miqdori JK 82-85-moddalarida belgilangan maksimal muddat va miqdorlardan oshishi mumkin emas.
JAZO TAYINLASH...
Voyaga yetmay turib, jinoyat sodir etgan shaxsga jinoyatlar majmui yoki bir necha hukm yuzasidan uzil-kesil jazo tayinlashda uning miqdori:
jarima, axloq tuzatish ishlari, qamoq, ozodlikni cheklash tariqasidagi jazolar – JK 82-84 va 84-1-moddalarida nazarda tutilgan muddat va miqdorlardan deb, shuningdek «JKning 57-moddasiga muvofiq, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, JK maxsus qismi moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan eng kam jazodan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq jazo tayinlanishi mumkinligi, bunda qonunga muvofiq sudlar nafaqat shaxs jinoyat sodir etish vaqtida ko‘zlangan motiv va maqsad, ayb shakli va darajasini, balki aybdorning shaxsi, jinoyat ishtirokchilari orasidagi roli, jinoyat sodir etilish paytidagi yoki sodir etilgandan keyingi xulq-atvori, jinoyatni sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitini ham e’tiborga olishlari lozim»ligi haqida rahbariy tushuntirishlar belgilanishi, bu eng avvalo voyaga yetmaganga nisbatan jazo turi va miqdorini belgilashda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, amaldagi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 563-moddasida, ya’ni voyaga yetmagan sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqarishda sud ushbu kodeksning 457-moddasida ko‘rsatilgan masalalardan tashqari, basharti voyaga yetmagan shaxs shartli hukm qilinsa, unga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlansa, voyaga yetmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi tayinlash zarurligi haqidagi norma ham mavjudligi, bu kelgusida u tomonidan yangi jinoyat sodir etilishining oldini olish hamda uni sog‘lom turmush tarziga yana qaytish imkonini yaratishga yordam berishga qaratilganligini ham alohida qayd etib o‘tish lozim.
F.Samadov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod
tuman sudining raisi