Yunusobod tumanidagi “Uvaysiy” MFYda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda tuman sudi sudyalari va xodimlari, tuman prokurori o‘rinbosari, IIB FMB profilaktika inspektorlari va probatsiya bo‘limi xodimlari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Muloqotda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi raisi A. Mirzajonov bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari borasida so‘z yuritdi.

Sudyalar voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, korrupsion jinoyatlarning jamiyat rivojiga salbiy ta’siri hamda jinoyat qonunchiligida jazodan ozod qilish tartibi bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tishdi.

Tadbir doirasida Yunusobod tumani IIB FMB tomonidan sudga kiritilgan jazo o‘tayotgan 11 nafar mahkumga taqdimnomalar ko‘rib chiqilib, ularning 9 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
O‘zA