Voyaga yetmagan guvohlar endi qonuniy vakil himoyasida bo‘ladi
Qonun (O‘RQ–1130-son, 17.04.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs tavsiflanganligi yoki tasvirlanganligi aybdorga ayon bo‘lgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa,
BHMning 100 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili tushunchasi kiritildi.
Guvoh voyaga yetmagan shaxs bo‘lgan hollarda, uning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun guvohning qonuniy vakili ishda ishtirok etishga jalb qilinadi.
Ishda qonuniy vakil sifatida ota-ona, farzandlikka olgan shaxs, vasiylar, homiylar, vasiylik va homiylik organining vakillari ishtirok etishi mumkin.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxs tavsiflanganligi yoki tasvirlanganligi aybdorga ayon bo‘lgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
O‘zA