Mulohaza
O‘zbekiston qonunchiligida “makler” tushunchasi ko‘proq “vositachi” yoki “ko‘chmas mulk agenti” sifatida tilga olinadi. Ularning faoliyati soliq to‘lash, yuridik shartnomalar asosida xizmat ko‘rsatish kabi qonuniy tartiblarga bo‘ysunishi kerak. Ammo amaliyotda bu qoidalar ko‘p hollarda e’tibordan chetda qolmoqda. Yakka tartibda, hech qanday litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan shaxslar makler sifatida ko‘chmas mulk bozorida vositachilik qilmoqda.
Bugun Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxlari 400-800 dollar atrofida bo‘lib, talab oshgan sari ularning narxi ham mutanosib emas, balki keskin ravishda ko‘tarilmoqda. Eng e’tiborli jihati shundaki, ko‘p joylarda uy ijarasining 50 foizi miqdorida vositachilik haqi so‘ralmoqda. Yana achinarlisi, bu to‘lov ko‘pchilik holatda uy egasidan emas, aynan ijarachidan undirilmoqda. Misol uchun, o‘rtacha 500–600 dollarga makler xizmati bilan xonadon kelishilsa, 50 foiz xizmat haqi bilan 750–900 dollar atrofida birinchi oy uchun to‘lov qilinishi kerak. Bu, ayniqsa, talabalar yoki kam daromadli fuqarolar uchun og‘ir yuk bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va boshqa tegishli normativ hujjatlarda ijara shartnomasi shartlari, tomonlarning majburiyatlari va huquqlari belgilab berilgan. Lekin bu qonuniy me’yorlar real hayotda deyarli qo‘llanilmaydi. Ko‘pchilik ijarachilar shartnoma imzolamasdan yoki og‘zaki kelishuv asosida yashaydi. Natijada, ular nafaqat moliyaviy himoyasiz, balki ijtimoiy xavfsizlikdan ham mahrum bo‘lib qolmoqda.
Bugun vositachilik faoliyati uchun yagona tartib, litsenziya talablari, soliq to‘lovlari, shartnoma majburiyatlari, xizmat sifati kabi mezonlar mavjud bo‘lsa-da, amalda ushbu faoliyatning rasmiy tomonlari haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan, gapga chechan “vositachi”lar o‘zlari xohlagandek ish olib bormoqda. Shu bois, “bozor narxi” bahonasida kim qanday xohlasa, shunday narx belgilamoqda. Eng xavotirli jihati bunday vositachilar hech qanday soliq to‘lamasdan, daromad topmoqda.
Hozirgi paytda ko‘plab maklerlar OLX kabi platformalarga joylangan e’londagi uylar va mashinalarni “otaliq”qa olib sotuvchi va oluvchi o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashga harakat qiladi. To‘g‘ri, ko‘pchilik o‘z xohishi bilan makler xizmatidan foydalanishi mumkin. Bunda kelishuv shaxslarning bitimlari va xohishlariga qarab bo‘ladi. Lekin ushbu bozorga nazar soladigan bo‘lsak, maklerlar tomonidan belgilanayotgan summa ancha adolatsiz. Avgust oyining oxiri – sentyabr oyi boshlarida yurtimizda ijara bozori sezilarli darajada jonlanadi. Ayniqsa, poytaxt Toshkentda talab bir necha barobarga ortadi. Bunga sabab – yangi o‘quv yili munosabati bilan oliygohlarga kirgan talabalar, shuningdek, boshqa hududlardan ish izlab kelgan fuqarolarning ko‘payishidir. Lekin uy izlayotganlarning aksariyati yana o‘sha muammoga duch kelmoqda: vositachilar – ya’ni, maklerlar faoliyatida tartibsizlik, oshirib yuborilgan narx va qonuniylik masalasi.
Ushbu faoliyatni tartibga solish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Riyeltorlik faoliyatiga qo‘shib maklerlikni ham litsenziyalash va rasmiy ro‘yxatga olish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ijara shartnomasini har bir mijoz uchun majburiylashtirish, ayniqsa talaba va yoshlar uchun standart shartnoma asosida bepul yuridik ko‘mak berish lozim. Qolaversa, vositachilik xizmati uchun ham yillik limit belgilash va olinadigan haq ham eng kam ish haqining ma’lum qismida davlat tomonidan belgilanishi ijara bozoridagi narxlarni barqarorlashtirishga yordam bergan bo‘lardi.
Bugun uy izlayotgan, ayniqsa, talaba yoki yosh oilalar uchun ijaraga joy topish qiyin emas – qimmat. Bu qiyinchilik esa ko‘pincha tartibsiz, norasmiy vositachilik faoliyati bilan bog‘liq. Soha bo‘yicha aniq tartibga solish mexanizmi ishlab chiqilmasa, bu muammo nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar uchun ham adolatsizlik va moliyaviy zo‘riqish manbai bo‘lib qolaveradi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA