Von Do Yon: O‘zbekiston – Koreya munosabatlari amaliy hamkorlikning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda
Koreya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon OAVga bergan intervyusida O‘zbekiston – Koreya munosabatlarining bugungi holati, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik istiqbollari hamda Seulda o‘tkazilishi kutilayotgan birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitining ahamiyati xususida fikr bildirdi.
Elchining ta’kidlashicha, Koreya Respublikasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, davlatlar o‘rtasidagi ishonch va hamkorlik muhitini kengaytirishga qaratilgan siyosati yuksak baholanadi.
Diplomatning fikricha, so‘nggi yillarda mintaqada yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar Koreya Respublikasi bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratdi. Xususan, O‘zbekiston rahbarining sa’y-harakatlari va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan siyosiy irodasi Koreyada yaxshi anglanadi va yuqori baholanadi. Aynan o‘zaro ishonch muhiti birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitini o‘tkazish imkonini bermoqda. Elchi mazkur sammit aniq kelishuvlar va muhim amaliy natijalar bilan yakunlanishiga ishonch bildirdi.
Von Do Yon O‘zbekistonning Koreya Respublikasi tashqi siyosatida alohida o‘rin tutishini ham qayd etdi. Uning aytishicha, Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan alohida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan bo‘lib, bu Seulning Toshkent bilan hamkorlikka katta ahamiyat qaratayotganini ko‘rsatadi.
– Koreya – O‘zbekiston munosabatlarining o‘ziga xosligi, avvalo, mamlakatlarimizning bir-biriga bo‘lgan ishonchi va samimiy munosabatidir, -dedi u. – Hozirgi kunda 100 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Koreyada ish yoki o‘qish maqsadi bilan bo‘lib turibdi. So‘nggi paytlarda o‘lkangizga tashrif buyurayotgan koreyslar soni ham sezilarli darajada ortdi. Munosabatlarning o‘ziga xos tabiati ikki mamlakat iqtisodiyotining o‘zaro muvofiqligi bilan ham bog‘liq. Koreya yuksak texnologik taraqqiyot darajasiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston nafaqat boy tabiiy resurslarga, balki ko‘p sonli yosh, malakali kadrlarga ham ega.
Elchi ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida shakllanayotgan yaqin va do‘stona munosabatlarga ham alohida to‘xtaldi. Uning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning davlat boshqaruvi va jamiyat taraqqiyotiga doir qarashlarida mushtarak jihatlar ko‘p. Xususan, har ikki rahbar o‘z siyosatining markaziga inson manfaatlarini qo‘yishi bilan ajralib turadi.
Von Do Yon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “davlat xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil hamda Koreya Respublikasi rahbarining o‘zini xalq xizmatkori sifatida ko‘rishi ikki yetakchining siyosiy yondashuvlaridagi yaqinlikni ifodalashini ta’kidladi. Elchining fikricha, ana shu umumiy qadriyat va mushtarak qarashlar O‘zbekiston – Koreya hamkorligining aniq amaliy natijalarga erishishiga xizmat qiladi.
Iqtisodiy hamkorlik haqida so‘z yuritar ekan, diplomat O‘zbekistonda Koreya kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar soni tobora ortib borayotganini qayd etdi. Jumladan, Jizzaxdagi KIA avtomobil zavodi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirmoqda. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi loyihasida “Incheon International Airport” kompaniyasi asosiy hamkorlardan biri sifatida ishtirok etmoqda. Shuningdek, Koreyada ishlab chiqarilgan “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdlari ham ikki davlat o‘rtasidagi texnologik hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida qayd etildi.
Elchining fikricha, kelgusida hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri yuqori texnologiyalar bo‘ladi. Xususan, Koreyaning “Robotis” kompaniyasi O‘zbekistonga qariyb 100 million dollar sarmoya kiritib, robotlar ishlab chiqarish zavodini barpo etmoqda. Kelgusida sun’iy intellekt, farmatsevtika, biotexnologiya va boshqa yuqori texnologik tarmoqlarda qo‘shma loyihalar soni yanada ko‘payishi kutilmoqda.
Seulda kutilayotgan oliy darajadagi muzokaralarga to‘xtalar ekan, Von Do Yon ikki davlat rahbarlari uchrashuvidan salmoqli natijalar kutilayotganini bildirdi.
– Yig‘inda turli sohalarda muhim natijalarga erishilishi aniq, -dedi elchi. – Xususan, amaliy hamkorlikning an’anaviy yo‘nalishlari, jumladan, qayta ishlash sanoati, transport infratuzilmasi va va boshqalar bo‘yicha bir qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, sun’iy intellekt, yuqori texnologiyali tarmoqlar, farmatsevtika va biotexnologiyalar kabi istiqbolli sohalarda ham sezilarli yutuqlarga erishilishi kutilmoqda.
Diplomat birinchi “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” sammitini tarixiy ahamiyatga ega voqea sifatida baholadi. U koreys xalqining “Boshlash — ishning yarmi” degan maqolini keltirib, mazkur formatdagi ilk sammitning o‘tkazilishini hamkorlikning yangi davri uchun muhim boshlang‘ich nuqta, deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu Koreya Respublikasida joriy yilda o‘tkaziladigan yagona ko‘p tomonlama sammit bo‘lib, Seulning Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni rivojlantirishga qaratayotgan e’tiborini ham namoyon etadi.
Umuman olganda, elchi Von Do Yonning fikrlari O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar an’anaviy siyosiy muloqot doirasidan chiqib, yuqori texnologiyalar, investitsiya, infratuzilma, inson kapitali va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni qamrab olgan keng ko‘lamli hamkorlik bosqichiga o‘tayotganini ko‘rsatadi. Seuldagi oliy darajadagi muloqot va birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti esa ushbu jarayonga yangi sur’at bag‘ishlashi shubhasiz.
O‘tkir Alimov,
O‘zA