“Voleybol shamoli” bilan yashayotganlar
Yurtimizda voleybolga bo‘lgan qiziqish yuqoriligini ommaviy sport musobaqalari hamda rasmiy chempionatlar ham ko‘rsatib turibdi.
Joriy yilning sport musobaqalari taqvim rejasiga binoan Samarqand, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida voleybol bo‘yicha turli yosh toifasidagi O‘zbekiston chempionatlarining 5 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Ayni kunlarda Urganchda ayollar o‘rtasidagi 29-O‘zbekiston chempionatining 2-tur hamda faxriy ayollar o‘rtasidagi mamlakat birinchiligining 1-tur o‘yinlari davom etayotgani O‘zbekiston voleybol federatsiyasi vakillari yil o‘n ikki oy “voleybol shamoli” bilan yashayotganligidan dalolatdir.

E’tiborlisi, Xorazm viloyati markazida o‘tayotgan mazkur musobaqalarda Osiyo voleybol konfederatsiyasi tomonidan xalqaro menejerlik seminari ham tashkil etilmoqda. Unda qit’adagi 7 ta davlat hamda yurtimizning yosh va izlanuvchan voleybol mutaxassislari xalqaro sertifikat olish uchun mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.
Osiyo voleybol konfederatsiyasi ijrochi direktori Shanrit Vongprasert boshchiligidagi mutaxassislar menejerlik kurs mashg‘ulotlarini o‘tash bilan birga, O‘zbekiston chempionati bahslarini ham kuzatib borishmoqda.
– Haqiqatan, 2022 yilning ilk kunlaridan boshlab katta dastur va tig‘iz chempionatlar rejasiga binoan ish olib bormoqdamiz. Bu sa’y-harakatlarning barchasi O‘zbekiston voleybol tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Qachonki, musobaqalar, turnirlar, seminar va o‘quv-mashg‘ulotlar tizimini dastur asosida ketma-ketligini ta’minlasak, sportchilarda musobaqa ko‘nikmasi, mutaxassislarda tajriba zaxirasi boyiydi. Xalqaro musobaqalardagi ishtirokimiz shunga yarasha yuksaladi. Osiyo voleybol konfederatsiyasi mutasaddilari Pokiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Kambodja kabi 7 ta davlat voleybol mutaxassislari uchun menejerlik kurslarini O‘zbekistonda, xususan Xorazmda tashkil etilayotgani ishimiz rivojiga, voleybol trenerlari malakasi oshishiga xizmat qiladi, – dedi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Husan Nasrullayev.
Urganchda davom etayotgan chempionat o‘yinlari 6 martga qadar davom etadi. Xalqaro menejerlik mashg‘ulotlari esa 4 mart kuni yakunlanadi. Shundan keyin qit’a voleybol mutaxassislari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro viloyati va Toshkent shahri voleybol mutaxassislari uchun ham seminarlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Joriy yilning iyun oyida poytaxtimizda 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida ilk bor Toshkentda o‘tadigan qit’a chempionati uchun belgilangan sport majmualari, mehmonxonalar va boshqa majmualardagi shart-sharoitlar bilan ham tanishishi kutilmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA