Toshkentdagi “Yunusobod“ sport saroyi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti majmuasida voleybol bo‘yicha U-19 erkaklar milliy terma jamoalari o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining guruh bosqich o‘yinlari yakunlandi.
Bugun, 30 iyul kuni 1/8 final bosqichi uchrashuvlari start oladi.
Kecha O‘zbekiston U-19 terma jamoasi joy olgan “A” guruhida Argentina-Pokiston jamoalari o‘rtasidagi o‘yin har jihatdan murosasiz kechdi. Chempionat davomidagi o‘yinlarda biror marta mag‘lubiyatga uchramagan pokistonliklar Janubiy amerikaliklar oldida ojiz qoldi. Shiddatli kechgan bahsda Argentina 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
[gallery-24529]
Belgiya terma jamoasiga qarshi harakatlangan hamyurtlarimiz Yevropaning mahoratli jamoasidan ochko tortib ola bilmadi. Belgiyaliklar ushbu uchrashuvda 3:0 hisobida ustunlikka erishdi. Turkiya jamoasi Puerto-Rikoni 3:0 hisobida dog‘da qoldirib, guruh o‘yinlaridagi ilk g‘alabasini tantana qildi.
“B” guruhida Fransiya terma jamoasi o‘tgan 4 ta o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan Bolgariyani 3:0 hisobida yenggan bo‘lsa, Yaponiya Jazoirni, Xitoy Kanadani 3:0 ko‘rinishida taslim etdi.
“D” guruhida Finlyandiya Kolumbiya jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etishi ortidan guruhda yetakchilikka erishgan bo‘lsa, AQSH Koreya ustidan 3:1 hisobida, Braziliya Kubani 3:0 hisobida mag‘lub etdi.
“C” guruhida Polsha Misr jamoasi ustidan (3:0), Italiya Eron jamoasidan (3:1), Ispaniya Tunisdan (3:0) har jihatdan muvaffaqiyatli jamoa ekanini namoyish qildi.
O‘z guruhida jahon voleybolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Pokiston, Belgiya, Argentina jamoalaridan keyin 4-o‘rinni egallagan O‘zbekiston U-19 terma jamoasi bugun 1/8 finalda “S” guruhida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan Italiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Kun mobaynida shuningdek, 1/8 finalda Ispaniya-Argentina, Shimoliy Koreya-Xitoy, Pokiston-Polsha, Bolgariya-AQSH, Belgiya-Eron, Fransiya-Braziliya, Finlyandiya-Yaponiya qarama-qarshiligidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Jahon chempionati o‘yinlari 3 avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat)
O‘zA