Voleybol bo‘yicha viloyat chempionlari aniqlandi
Xovos tumanida "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida voleybol bo‘yicha 16–21 hamda 22–30 yosh toifasidagi yigitlar va qizlar o‘rtasida viloyat bosqichi musobaqalari yuqori saviyada o‘tkazildi.
Musobaqada viloyatning barcha shahar va tumanlarida tashkil etilgan saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar ishtirok etib, chempionlik hamda respublika bosqichiga yo‘llanma uchun o‘zaro bellashdi. Maydondagi har bir uchrashuv keskin kurashlar, murosasiz raqobat va haqiqiy sport muhiti bilan ajralib turdi.
Bellashuvlar davomida yosh voleybolchilar yuksak sport mahorati, jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdi. Ayniqsa, hal qiluvchi bahslarda ishtirokchilarning irodasi, g‘alabaga intilishi va g‘alaba uchun so‘nggi daqiqalargacha olib borgan kurashi muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
[gallery-30622]
Yakuniy bellashuvlar natijasida viloyat chempionlari nomi aniqlandi. 16–21 yosh toifasida qizlar o‘rtasida Boyovut tumani, yigitlar o‘rtasida esa Guliston tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 22–30 yosh toifasida qizlar bahsida Mirzaobod tumani, yigitlar o‘rtasida esa Guliston tumani jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan jamoalar "Besh tashabbus olimpiadasi"ning respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joizki, "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o‘tkazilayotgan bunday musobaqalar yoshlarning sportga qiziqishini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Voleybol bo‘yicha navbatdagi viloyat bosqichi musobaqalari ham yoshlarning sportga mehri, g‘alabaga bo‘lgan intilishi va jamoaviy hamjihatligi yuksak darajada ekanini yana bir bor namoyon etdi. Eng muhimi, g‘olib jamoalarning respublika bosqichida viloyat sharafini munosib himoya qilishiga ishonch mustahkamlandi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA