18 may – Xalqaro muzeylar kuni
Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Tarix va madaniyat muzeyiga 1933 yil asos solingan.
Muzey mamlakatimizdagi eng keksa madaniy-ma’rifiy muassasalardan biri sanaladi. Biroq, bir necha bor manzili ko‘chirilib, Hakim at-Termiziy majmuasidagi “Meros” muzeyi binosida, Termiz shahridagi sobiq “Harbiy qal’a”da va viloyat xo‘jalik sudining eski binosida faoliyat yuritdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017 yil viloyat markazidagi Tadbirkorlar binosi muzey balansiga o‘tkazilib, madaniy-ma’rifiy muassasasiga moslashtirish uchun yirik hajmdagi rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 19 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, uning 15 milliard so‘mi qurilish-ta’mirlash ishlariga, 4 milliard 500 million so‘mi eksponatlar bilan jihozlashga sarflandi. Uch qavatli muhtasham binoga 8 ta zamonaviy infokiosk o‘rnatilib, vohaning boy o‘tmishi va bugunini videotasvirlar yordamida namoyish etish yo‘lga qo‘yildi.
2019 yil 29 oktyabrda muzeyning 86 yilligi munosabati bilan yangi binosi foydalanishga topshirilib, mazkur maskan “Tarix va madaniyat muzeyi” nomi bilan faoliyat yurita boshladi.
[gallery-17465]
Muzey ekspozitsiyasi besh bo‘limdan iborat. Birinchi qavatda tabiat, ikkinchi qavatida arxeologiya, tarix, mustaqillik davri, tasviriy san’at va Ro‘zi Choriyev galereyasi, uchinchi qavatda etnografiya bo‘limi va bir qismida tasviriy san’at ekspozitsiyasi joylashgan. Hozirda muzey fondida 16 yo‘nalishda 62 ming 117 ta eksponat mavjud. Shundan noyob ashyolar va kolleksiyalar soni 1500 tani tashkil etadi.
Shuningdek, muzey negizida “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etilgan bo‘lib, unga Termiz tumanidagi “Zurmala minorasi”, “Eski Termiz” yodgorligi, Sherobod tumanidagi “Zarautsoy”, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘on minorasi”, Sho‘rchi tumanidagi “Dalvarzintepa” Muzrabot tumanidagi “Oks Aleksandriyasi” (Kampirtepa) madaniy meros ob’ektlari biriktirilgan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA