Andijon davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Rustambek Shamsutdinov rahbarligida 2016 yildan buyon chop etib kelinayotgan “Vodiynoma” ijtimoiy-tarixiy, ilmiy va ommabop jurnali o‘tgan vaqt davomida yurtimiz tarixini keng yoritib kelayotgan ilmiy-ommabop nashrlardan biriga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosati qarori bilan tarix fanlari bo‘yicha ilmiy jurnallar ro‘yxatiga kiritilgan mazkur nashrda yurtimiz tarixining Chor Rossiyasi, qizil imperiya hukmronligi davrlari haqida, ayniqsa, qatag‘on qurbonlari davriga oid hali keng jamoatchilikka e’lon qilinmagan juda ko‘p ma’lumotlar, qiziqarli maqolalar chop etib kelinayotganligi e’tiborga molik.
Jurnalning joriy yil 2-sonida ham tariximiz, tarixiy shaxslar hayoti, faoliyati, ayniqsa, jadidchilik harakati, qatag‘on bo‘lgan jadid bobolarimiz haqidagi qiziqarli materiallar e’lon qilindi. Jumladan, professor R.Shamsutdinov, N.Akbarovaning O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi (NKVD) va boshqa arxiv hujjatlari asosida tayyorlangan “Andijonlik jadidlar – qatag‘on qurbonlari” sarlavhali maqolasida o‘tgan asrning 20-30- yillaridagi Andijondagi ijtimoiy-siyosiy hayot, jadidchilik harakati, Akbar O‘rozaliyev, Sa’dullaxo‘ja Tursunxo‘jayev, Turor Risqulov, Mirali Umarboyev, Usmonbek To‘xtabekov, Latifjon Sodiqbekov, Sultonbek To‘xtabekov, Sanjarbek Asfandiyorov, Sultonmas’ud Xolbotirov, Sultonmahmud Xolbotirov, Shohrux Xolbotirov singari o‘nlab jadidlar hayoti va taqdiri, ular ustidan o‘tkazilgan tergov jarayonlari haqidagi ma’lumotlar bayon etilgan.

“Katta terror”da qatag‘on qilingan milliy rahbarlar” sarlavhali maqolada esa milliy rahbarlar toshkentlik G‘ulom Yoqubov, xivalik Vois Rahimiyning hayoti, faoliyati, ularga qo‘yilgan ayblovlar, qatag‘on jarayonlariga oid tarixiy hujjatlar xususida so‘z yuritilgan.
Marg‘ilonlik paxta tayyorlovchi, yirik boy, Qo‘qon muxtor hukumati a’zosi Abdullaxon Abdurahmonov 1929 yilda Marg‘ilondagi “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkiloti rahbarining o‘rinbosari, bosmachilarni qurol-yarog‘ bilan ta’minlagan, ta’lim muassasalarida millatchilik ishlarini olib borgan, degan tamg‘a bilan hibsga olingan.
“Jadid Abdurahmon Abdullaxonov – qatag‘on qurboni” deb nomlangan maqolada ana shu inson, uning faoliyati, unga qo‘yilgan ayblovlar, uning taqdiri haqida keng ma’lumotlar berilgan.
1896 yilda Toshkentda tug‘ilib, 1937 yilga, ya’ni qamoqqa olingunga qadar O‘zSSR Yer-suv ishlari xalq komissarligi, O‘zbekiston Naslchilik idorasi tayyorlov boshqarmasida xizmat qilgan Muhammad Odiliy haqidagi maqolada ushbu shaxsning ayanchli taqdiri xususidagi tarixiy hujjatlar asosidagi ma’lumotlar taqdim etilgan.
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sudining 1938 yil 4 oktyabrdagi yig‘ilishi qaroriga asosan, Muhammad Odiliy oliy jazo – otuvga hukm etilgan.
“Darxon” gazetasi, 1923 yil 10 avgust, 13-son” nomli maqolada o‘tgan asrning 20-yillarida Andijonda arab yozuvida chop etilgan “Darxon” gazetasi haqida so‘z yuritiladi. Xususan, gazetaning 1923 yildagi 13-sonida chop etilgan maqola va xabarlar keltiriladi.

Xalq mulkini talon-taroj qilgan shaxslar haqidagi “Chakanachilar” maqolasida ana shu toifa kishilari bilan murosasiz bo‘lish, ularga qarshi kurashish haqida so‘z yuritilgan. Shuningdek, gazeta sahifalarida “Lo‘zan – Turkiyaning yengilishi” maqolasida Lozzanna shahrida Turkiyaning ittifoqchilar bilan shartnoma imzolaganligi, “Yapo‘niya do‘stlig‘ining sababi” nomli maqolada Rossiya va Yaponiya munosabatlari, “Hindistonda to‘palang” sarlavhali xabarda Hindistonning Aligar shahrida oliy maktab musulmon talabalari bilan politsiya o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar bo‘lganligi haqidagi materiallar berilgan.
Maqolada “Darxon” gazetasining ana shu sonida berilgan barcha materiallar aynan keltirilgan.
“O‘zbekistonda fuqarolik aviatsiyasi vujudga kelishi tarixidan” deb nomlangan maqolada Markaziy Osiyoda fuqaro aviatsiyasini yo‘lga qo‘yishdagi dastlabki urinishlar kutilgan natija bermaganligi bayon etiladi.
1920 yilda Buxoro amrligi hududiga qilingan hujumlarda aynan aeroplanlar yordamida bombalar yog‘dirilganligi, amrlikning yengilishida muhim rol o‘ynaganligi ta’kidlanadi.

Umuman, maqolada, yurtimiz fuqaro aviatsiyasi tarixiga oid ma’lumotlar taqdim etiladi.
“Fayzulla Sultonov “katta terror” qurboni” sarlavhali maqolada asli O‘shda tug‘ilib o‘sgan, Boku va Turkiyada tahsil olgan, keyinchalik prokuratura tizimida ishlagan Fayzullo Sultonovning qatag‘on qurboni bo‘lishi bilan bog‘liq ma’lumotlar keltirilgan.
Bundan tashqari, jurnal sahifalarida Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi Otabek Abduraupovning “O‘zbekiston qirg‘izlariga oid tarixiy-etnografik ma’lumotlar”, professor Akramjon Yuldashevning Ta’lim bor joyda tarbiya bo‘lishi shart”, professor M.Isoqov, dotsent R.Alimovning “Ta’lim va fan integratsiyasining yorqin ifodasi”, Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori D. Rahmatovaning “Turkiston ma’rifatparvar ziyolilariga ehtirom” nomli maqolalar ham o‘rin olgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Vodiynoma” yurtimizda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida olib borilgan milliy ozodlik harakatlari, inqilobiy o‘zgarishlar, jadidchilik harakati, qatag‘on qurbonlari haqidagi tarixiy hujjatlarni keng jamoatchilikka tanishtirish, ilm-fanni rivojlantirish barobarida tarix ko‘zgusiga aylanmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari