Vodiyni sayohat yo‘llari birlashtiradi
Turizmni hamkorlikda rivojlantirish maqsadida Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston viloyatlari yagona "tashrif yo‘lagi"ni tashkil etdilar. Endi Xo‘jandga kelgan sayyoh Farg‘ona va O‘shga ham boradi. Yoki aksincha, Farg‘onaga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarda Jalolobod yoki Botken viloyatlariga ham borish imkoni bo‘ladi.
Hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida “Salom O‘sh — 2026” xalqaro turizm festivali hamda Farg‘ona vodiysini rivojlantirishga bag‘ishlangan mintaqaviy davra suhbati tashkil etildi.

Kara-Suu tumanidagi Besh-Mergen yaylovida yig‘ilgan soha mutaxassislari tadbirning tantanali ochilish marosimida o‘z fikr- mulohaza va takliflarini aytdilar.

– Festival doirasida turizm sohasini rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Farg‘ona vodiysining investitsion va madaniy salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi, – deydi tadbir ishtirokchisi, Farg‘ona viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov.


“Salom O‘sh — 2026” festivali nafaqat turizmni rivojlantirish, balki qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy aloqalar va mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA