Vodil turnirida kuchlilar aniqlandi
Joriy yilning 1 iyun kuni Farg‘ona tumanining Vodil qishlog‘idagi “Chinor tagi” nomli istirohat bog‘ida kurash va belbog‘li kurash bo‘yicha an’anaviy respublika ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.
An’anaga muvofiq, ushbu turnir Vodilda tug‘ilib voyaga yetgan, o‘z davrining nomdor polvonlari bo‘lgan va muxlislar qalbidan joy olgan Hamid va Temir polvonlar xotirasi uchun hamda 1iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Mazkur ochiq turnirda mamlakatimiz va qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalaridan 300 nafarga yaqin polvonlar ishtirok etishdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan turnirda polvonlar belbog‘li kurash bo‘yicha 55 kg., 60 kg., 66 kg., 73 kg., 81 kg., 81 kg., 90 kg., 100 kg., +100 kg. vazn toifalarida, kurash bo‘yicha erkaklar 60 kg., 66 kg., 73 kg., 81 kg., 90 kg., 100 kg., +100 kg., ayollar esa 52 kg., 63 kg., +63 kg., vazn toifalarida bellashishdi.
Murosasiz va shiddatli tarzda o‘tgan bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra, kurash va belbog‘li kurash bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Kurash
Erkaklar
60 kg. – Sobirxo‘ja Yusupov (Farg‘ona)
66 kg. – Furqat Ma’rufjonov (Andijon)
73 kg. – Elshod Boqiyev (Toshkent sh.)
81 kg. – Jasur Rahmonov (Farg‘ona)
90 kg. – Erkin Qozoqov (Toshkent sh.)
+90 kg. – Jonibek Qozoqov (Samarqand)
Ayollar
52 kg. – Zarnigor Rahmiddinova (Andijon)
63 kg. – Dildora Adhamova (Farg‘ona)
+63 kg. – Pokiza Kamoliddinova (Farg‘ona)
Belbog‘li kurash
55 kg. – Nodir Abdumalikov (Farg‘ona)
60 kg. – Otabek Umurboyev (Sirdaryo)
66 kg. – Oybek Sultonov (Andijon)
73 kg. – Muhammadjon Rasulov (Andijon)
81 kg. – Husniddin Ro‘ziyev (Andijon)
90 kg. – Jasur Isroilov (Andijon)
100 kg. – Obidali Mavlonov (Farg‘ona)
+100 kg. – Bobir To‘xtasinov (Farg‘ona).
Bellashuvlar yakunlangach, kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.
Shuningdek, turnir doirasida O‘zbekiston kurash federatsiyasi tomonidan eng chekka va olis hududlarda ham sport, xususan, kurash sport turini keng rivojlantirish maqsadida hamda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Farg‘ona tumanidagi bolalar – o‘smirlar sport maktabiga kurash gilamlari sovg‘a qilindi. Ushbu munosib sovg‘ani bolalarga O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisi o‘rinbosari Abdumalik Yo‘ldoshev va O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Farg‘ona viloyat vakili, viloyat kurash federatsiyasi ijrochi direktori Sevara Dehqonovalar topshirishdi. O‘z o‘rnida bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan shodlangan milliy sport turlarimizga oshno vodillik o‘g‘il-qizlar yanayam mashg‘ulotlarga zo‘r berib, kelajakda xalqaro sport maydonlarida g‘oliblikni tantana qilib, Yurtni ulug‘lashga va’da berishdi. Shu tariqa 2000 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan an’anaviy turnirning navbatdagisi yakuniga yetdi.
Ravshan polvon MAMAJONOV, turnir tashkilotchilaridan:
- Qariyb yigirma yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan ushbu ochiq turnir chin ma’noda milliy sport turlarimiz bo‘lgan kurash va belbog‘li kurashning rivojlanishiga o‘ziga xos maktab vazifasini ham o‘tab kelmoqda. Kuchli va iste’dodli polvonlarni aniqlashda va nomdor polvon bo‘lishida hamda milliy terma jamoalar safiga munosib sportchilarini saralash vazifalarini ham o‘tab beradi deyishimiz mumkin. Fursatdan foydalanib, Turizm va sport vazirligiga, kurash va belbog‘li kurash federatsiyalariga, Farg‘ona viloyati va Farg‘ona tuman hokimliklariga va boshqa qator tashkilotlarga turnirni yuqori saviyada o‘tishida bizga yelkadosh bo‘lib, ko‘mak berganliklari uchun tashakkur bildiramiz.