Vladimir Zelenskiy 73 foiz ovoz oldi
Ukraina Markaziy saylov komissiyasi tomonidan byulletenlarning 90 foizidan ko‘prog‘i hisoblab chiqilganidan keyin berilgan bayonotga qaraganda, mamlakat prezidentligiga nomzod Vladimir Zelenskiy 73 foiz ovoz olgan.
Ukraina Markaziy saylov komissiyasi tomonidan byulletenlarning 90 foizidan ko‘prog‘i hisoblab chiqilganidan keyin berilgan bayonotga qaraganda, mamlakat prezidentligiga nomzod Vladimir Zelenskiy 73 foiz ovoz olgan.
Uning raqibi, amaldagi davlat rahbari Pyotr Poroshenko saylovchilarning 24,5 foiz ovozini oldi. Bu ko‘rsatkichlar ovoz berish yakunlanganidan so‘ng, kecha e’lon qilingan Milliy ekzitpol ma’lumotlariga mos keladi.
Zelenskiy mustaqil Ukraina tarixida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida eng yuqori natijaga erishdi. Saylovlarda saylovchilarning 62 foizi ishtirok etdi. MSK Ukraina prezidentligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovlarning ikkinchi bosqichi natijalarini 30 aprel kuni e’lon qilishini ma’lum qildi.
Zelenskiy mamlakatning ko‘plab mintaqalarida yetakchi bo‘ldi. U ona yurti Dnepropetrovsk viloyatida keng qo‘llab-quvvatlangan – bu yerda 88 foiz ovoz oldi. Kiev viloyatida saylovchilarning 70 foizi unga ovoz berdi. Poroshenko faqat Lvov viloyatidagina yetakchi bo‘ldi, u bu viloyatda 64 foiz ovoz to‘pladi.
Pyotr Poroshenko Ukraina prezidentligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovlarning ikkinchi bosqichida g‘olib chiqqan o‘zining raqibi Vladimir Zelenskiyni tabrikladi. Shu bilan birga siyosatdan ketmasligini aytdi va ilk qadamlarda ko‘mak berishga tayyorligini aytib Zelenskiyga o‘z xizmatini taklif qildi.
Mansabga kirishganidan so‘ng o‘zining ustuvor vazifasi haqida aytgan Zelenskiy barcha ukrain siyosiy mahbuslarini ozod qilishdan iborat ekanligini ta’kidladi. U bu ro‘yxatga noyabr oyida Qora dengizda Rossiya chegarachilari tomonidan qo‘lga olingan ukrain dengizchilarini ham kiritdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanbaga o‘tar kechasi Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi va uni g‘alaba bilan, ukrain xalqini esa tinch va demokratik saylovlar bilan tabrikladi.
Prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi bilan Vladimir Zelenskiyni telefon orqali Fransiya va Polsha Prezidentlari tabrikladi. Kanada bosh vaziri Djastin Tryudo, Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk va NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg tvitter orqali Zelenskiyga tabrik yo‘llashdi.
Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev Ukrainadagi prezidentlik saylovlari natijalarini feysbukdagi o‘z sahifasida izohlar ekan, Kiev va Moskva o‘rtasida munosabatlar yaxshilanishiga paydo bo‘lgan imkoniyatlarni ko‘rishini ta’kidladi. Shu bilan birga Medvedev murojaatda Vladimir Zelenskiyning nomini tilga olmagan.