Gonkong (XXR)da “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 10 yillik yubileyi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan “Ajoyib yangi dunyo” xalqaro forumida so‘zga chiqqan Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sishini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanganini ta’kidladi.
MOXI direktori O‘zbekiston Prezidenti tomonidan raqamliiqtisodiyot va savdoni rivojlantirish, elektron hukumatni, “blokcheyn” va sun’iy intellektni joriy qilish bo‘yicha o‘zaro sheriklikni chuqurlashtirish taklif etilganiga urg‘u berdi.
Ayni yo‘nalishda amaliy natijalarga erishish uchun davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari va XXR IT-parklari negizida“Intellektual Ipak yo‘li” qo‘shma platformasini yaratish taklifini ham bildirdi.
O‘z navbatida XXR raisi Si Szinpin yuqori texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt, ulkan hajmdagi ma’lumotlar, havoyi o‘tkazmalar yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Yana bir muhim jihat: bugungi kunda Xitoy jahonning, taxminan, 80 mamlakati raqamli infratizim loyihalarida ishtirok etmoqda. Chin mamlakati yer yuzi bo‘ylab “Raqamli Ipak yo‘li” loyihalariga 79 milliard dollar investitsiya kiritgan.
Intellektual tizimni joriy qilish sanoat kompaniyalari va biznes amaliyotini o‘zgartiradi, iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlari – sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, bank ishi, tibibyot, transport sohalarida ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
“Accenture” konsalting kompaniyasi xulosasiga ko‘ra, 2030 yilga borib Sanoat internetining jahon ishlab chiqarishiga qo‘shgan hissasi 14.2 trillion dollardan oshishi mumkin.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasida sanoat Interneti hamda sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish o‘ta muhimligi qayd etildi. Mazkur hujjat ham mamlakatlarimiz IT-parklari negizida “Intellektual Ipak yo‘li” qo‘shma platformasi tuzilishini nazarda tutadi.
Hozirgi vaqtda, ko‘pchilik taniqli ekspertlar e’tirof etishicha, Xitoyda sun’iy intellekt, sanoat Interneti, nanotexnologiya va kvantli hisoblash yo‘nalishlari jadal rivojlanish bosqichiga kirmoqda. Ayni yo‘nalishlarda XXR iqtisodiyotining 20 ta eng muhim tarmog‘ini qamrab olgan 1500 dan ziyod loyiha amalga oshirilayotgani e’tiborga loyiq.
Demak, mamlakatning bu boradagi tajribasi Markaziy Osiyo davlatlarida jiddiy qiziqish uyg‘otayotgani tabiiy.
G‘.Xonnazarov tayyorladi.
O‘zA