Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan Ko‘l qishlog‘i tuman markazidan 84 kilometr uzoqlikda joylashgan.
To‘g‘ri, ushbu masofa unchalik olis tuyulmasligi mumkin. Ammo cho‘qqilari ko‘klarga o‘ralagan, mahobatli tog‘lar etagidan oqib o‘tadigan, shovullagan “Oqsuv” daryosi bo‘ylab davom etgan mashaqqatli tog‘ yo‘lidan yurgan yo‘lovchi uchun ushbu masofa oxiri yo‘qdek tuyuladi.
Mamlakatimizning eng baland cho‘qqilaridan biri bo‘lgan Hazrati Sulton cho‘qqisiga yaqin masofada joylashgan Ko‘l qishlog‘i aholisi turmush tarzi bilan tanishishni maqsad qilib yo‘lga otlandik.
Mashinada “Hisorak” suv omboridan o‘tib, Hisorak MFY hududigacha yetib bora oldik, xolos. U yog‘iga tog‘ yo‘liga moslashgan “UAZ” mashinasida harakatlandik. Yo‘lda ketar ekanmiz vahimali qoyalar ostidan, xavfli jarliklar ustidan yurak hovuchlab o‘tib boramiz. Tabiat atalmish buyuk haykaltarosh ushbu qoyalarga shu qadar mohirlik bilan shakl bergan-ki, ko‘rinishidan xuddi ustingizga qulab tushadigandek tuyuladi, lekin ularning shu holatda mangu turganiga necha-necha asrlar bo‘lgan. O‘zini Ahmad deya tanishtirgan haydovchi tog‘ yo‘llarida mashina boshqarishni hadisini olgan, uchta shaharlik mehmonni o‘nqir-cho‘nqir toshloq yo‘ldan yeldek uchirib olib ketayotganidan faxr tuyg‘usini tuyadi. Qiziqarli voqealarni hikoya qilib beradi.
– Bu yo‘llar bizga yod bo‘lib ketgan, – deydi u. – Ammo qor ko‘chkilari, sel suvlari har yili bahor oylari yo‘llarni abgor qiladi. Ko‘proq suv kelgan paytda yo‘lni yuvib ketadi. Uni to‘g‘rilaguncha, bir hafta o‘n kun qishloq bilan aloqa uzilib, qatnashni imkoni bo‘lmay qoladi. O‘zim hozir nafaqadaman. Uzoq yillar o‘rmon xo‘jaligida ishladim. Bu tog‘larning deyarli hamma yerini piyoda aylanib chiqqanman. Shuning uchun hamma joyini besh barmoqday bilaman.
Ko‘l qishlog‘iga yaqinlashgan sari yo‘lning ahvoli og‘irlashib, katta-katta harsang toshlar bizni qarshi oladi. Balandlikka ko‘tarilib borar ekanmiz mashina motori zo‘riqib guvillaydi. Yarim yo‘lga yetganda mashina motori qizib ketdi va radiator suvini almashtirish uchun bir chekkaga to‘xtadik. Bizdan ozgina pastlikdan “Oqsuv” daryosi mavjlanib, toshdan toshga urilib oqadi. Tiniqligi va toshlarga urilgan paytda oppoq bo‘lib ko‘pirgani bois mahalliy aholi daryoni oqsuv daryo deb ataydi. Daryo bo‘ylari yashillikka burkangan. Viloyatning tekislikda joylashgan hududlarida yoz jaziramasi o‘z kuchini ko‘rsatib, bahorgi maysalarni allaqachon qovjiratib yuborgan bir paytda, bu o‘lkalarda bahor fasli o‘z tarovatini endi-endi namoyon etmoqda. Viloyatning boshqa hududlarida qanchadan-qancha parvarishlar evaziga bo‘lsada, o‘stirishni eplay olmayotganimiz yong‘oq daraxtlari ushbu joyda tuprog‘i yo‘q toshloq orasida barq urib yovvoyi holda o‘sib yotibdi.
Xullas, Hisorak qishlog‘idan yo‘lga chiqqan mashinamiz bir soatlar chamasida Ko‘l qishlog‘iga yetib keldi. Bizni mahalla raisi Ismoil Boboyev qarshi oldi. Hayot tezlashgan shahar hayotiga moslashgan kishi ushbu joylarda o‘zini jannat bog‘lariga tushib qolgandek his qiladi. Cho‘qqilari qor qoplagan tog‘lar qo‘l uzatsa yetadigandek, ko‘kka bo‘y cho‘zgan azim teraklar yaproqlarini mayin shabada shitirlatadi. Har qadamda muzdek, zilol buloq suvlari oqib turibdi.
– Yerlarimiz toshloq yer bo‘lishiga qaramay aholimiz dehqonchilik qiladi, – deydi Ko‘l mahalla fuqarolar yig‘ini raisi I.Boboyev. – Qisqa muddatli bahor va yoz oylarida o‘zlarini mehnatga uradi. Bundan tashqari chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Tirikchilik asosan mana shu tarmoqlardan.
Qishloq oqsoqollarining ta’kidlashicha, qishloqning shakllanganiga qariyb ming yillar bo‘lgan. Rivoyatlarga ko‘ra, qadimda ushbu qishloq o‘rnida katta ko‘l bo‘lgan. Ko‘l suvi nihoyatda to‘lib, tog‘ning pastroq darasidan o‘tib ketgan. Shundan Oqsuv daryosi paydo bo‘lgan. Bo‘shab qolgan ko‘l o‘rnida hosil bo‘lgan unumdor tuproqda odamlar dehqonchilik qilib, ushbu joylarni makon qilgan. Shu-shu jannatmakon bu yerlarda mo‘’jazgina qishloq paydo bo‘lgan. Ayni paytda qishloqda 1 ming 336 nafar aholi istiqomat qiladi.
Mahobatli tog‘lar bag‘rida yashashning o‘ziga yarasha zavqi ham mashaqqati ham bor. Qishloq odamlarining aytishicha, bahor va yoz oylarida qishloqqa kelgan odamning bu yerlardan ketgisi kelmaydi, ammo uzoq davom etadigan qish faslida kelsa, 4-5 metr qalinlikdagi qordan boshqa narsani ko‘rmaydi.
Mahalla raisi hamrohligida qishloq oralab yurar ekanmiz, temirchilik ustaxonasiga ko‘zimiz tushdi. Borganimizda temirchi usta Rahimqul Ismatov shogirdi bilan temirni sandonda qizitib, poytesha yasash uchun toblayotgan ekan.
[gallery-2922]
– Bu hunar menga ota meros, – deydi R.Ismatov. – Esimni taniganimdan buyon shu hunar bilan shug‘ullanaman desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ustaxonada, asosan, dehqonchilik uchun kerak bo‘ladigan ish qurollarini yasaymiz. Pishiqligiga, sifatliligiga alohida e’tibor qaratamiz. Boisi tuprog‘imiz tosh aralash bo‘lgani uchun ish qurollar tez yemirilib ketadi. Shuning uchun ishlovni yaxshiroq berish kerak. Hunarimdan doim faxrlanib kelganman. O‘nlab shogirdlarim bor.
Temirchi usta Rahimqul Ismatov doim yangilikka intilib kelgan. Temirchilik ustaxonasida hech kimni yordamisiz qizigan temirga ishlov beradigan bolg‘a yasagan. Qizigan temirni tutib tursangiz bas bolg‘a avtomatik ishlab zarb beraveradi. Bundan tashqari qishloq oralab o‘tgan daryoning nishab joyiga maxsus charxpalak o‘rnatib, mikro GES ixtiro qilgan. Daryo suvining yil davomida to‘xtamay oqib turishini hisobga olsak, uning yordamida yil bo‘yi 35 ta xo‘jalikning elektr ta’minoti ta’minlanadi.
Qishloqda ajoyib tabiat bilan birga, qadimiy qadamjolar ham bisyor. Ulardan biri qishloq aholisi tili bilan aytganda Firdavsiyning “Shohnoma” asaridagi Afrosiyob g‘ori. Ushbu g‘or tarixi bir necha ming yilliklarga borib taqaladi. Mahalla raisi Ismoil Boboyevning ta’kidlashicha, ushbu g‘orni o‘rganish uchun ko‘plab olimlar tashrif buyurgan va uni inson kuchi bilan qilinganini, zardo‘shtiylar davriga aloqadorligini ta’kidlashgan.
Aytish joiz, Ko‘l qishlog‘i uzoq yillar e’tibordan chetda qolib kelgan va aholini tibbiyot, ta’lim, elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq ko‘plab muammolar qiynab kelgan. Ayniqsa, og‘ir bemorlarni shahar markaziga olib borish nihoyatda mushkul jarayon bo‘lgan. Shu bois viloyat rahbari va respublikadan tashrif buyurgan mutasaddilarning tashabbuslari bilan qishloqda so‘nggi yillarda bitta zamonaviy maktab filiali bunyod etildi. Tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib qishloq aholisiga xizmat qiluvchi bitta yo‘ltanlamas zamonaviy tez tibbiy yordam mashinasi berildi. Mahalla raisining ta’kidlashicha, bu yil 150 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti ham qurilishi rejalashtirilmoqda va bog‘cha uchun joy ham tanlangan. Bundan tashqari qishloq yo‘llarini tekislash va qordan tozalash maqsadida bitta buldozer ajratilgan.
So‘lim tabiat qo‘ynida samimiy va sofdil ko‘lliklar bilan suhbatlashib kech bo‘lganini ham sezmay qoldik. Ushbu qishloqdagi yana bir muhim qadamjolardan biri bo‘lgan Hazrati Sulton ziyoratini keyingi galga qoldirib, sokin oqshom qo‘ynida ortga qaytdik.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA