Viloyatda yurak operatsiyalari o‘tkazilmoqda
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida noyob kardiologik operatsiyalarni o‘tkazish davom etmoqda. Jumladan, yaqinda yana 3 ta bemorda ishlab turgan yurakda aorta-koronar shuntlash operatsiyasi bajarildi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida, ya’ni 2023 yilning avgust oyidan buyon jami 10 ta bemorda ishlab turgan yurakda aorta-koronar shuntlash operatsiyasi bajarildi. Malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan operatsiyalar asoratsiz o‘tdi. Yurak qon tomiri ko‘chirildi, ya’ni shunt quyildi. Ushbu o‘tkazilgan 3 ta operatsiyada RSHTYOIM Qashqadaryo filiali mutaxassislari birinchi assistent sifatida ishladi. Kelajakda ushbu amaliyotlarni mustaqil bajarish uchun bu katta yutuq hisoblanadi.
Bemorlarning hozirgi kundagi ahvoli qoniqarli. Yurak faoliyati tiklangan. Qo‘yilgan shuntlar ishlab turibdi. Yurak kuch- quvvati oshgan.
Mazkur yuqori texnologiyali operatsiyalar poytaxtdan kelgan professor xodimlar va kardiojarrohlar tomonidan filial shifokorlari uchun mahorat darsi tarzida amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida markaz mutaxassislari (reanimatolog-anesteziolog vrach, operatsion hamshira, anestezistka) maqsadli ravishda RSHTYOIM (Toshkent shahri)da ushbu operatsiyalar bo‘yicha malaka oshirib qaytgan.
[gallery-14388]
Ayni paytda operatsiya qilingan 60 yoshni qoralagan uchchala erkak bemorning ahvoli qoniqarli, davo muolajalari standart asosida davom ettirilmoqda.
Markazda 15 o‘rinli kardioxirurgiya va 6 o‘rinli kardioreanimatsiya bo‘limlarini ochish orqali kelgusida ushbu operatsiyalar ko‘lamini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu esa yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarning ham vaqtini, ham naqdini tejashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari