Viloyat rahbari yoshlar bilan uchrashdi
FOTOREPORTAJ
Xiva shahrida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirokida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirga o‘qish va ish faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, o‘zining yuksak bilimi va salohiyati bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol yoshlar taklif qilindi. Viloyat rahbari yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
[gallery-18015]
Xususan, xorijiy tillarga o‘qitish hamda yuqori darajali sertifikatlarni olish imkonini beruvchi “Ibrat farzandlari” loyihasi viloyatning har bir hududida yo‘lga qo‘yilishi, IT sohasiga yoshlarni qiziqtirish hamda axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida kibersport bo‘yicha “Xorazm viloyati hokimi kubogi” sport musobaqalari o‘tkazilishi, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va jismoniy chiniqtirish maqsadida joriy yil iyul oyidan boshlab ilk marotaba 18-30 yosh toifasidagi yoshlar o‘rtasida sportning shaxmat, futbol, basketbol, voleybol, yengil atletika, stol tennisi hamda vorkaut turlari bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” musobaqalariga start berilishi, Xorazm maqomlari va dostonchilik maktabi an’analarini davom ettirish, milliy san’atimizni keng targ‘ib etish va unga qiziquvchi yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish maqsadida “Maqom va baxshichilik” yo‘nalishida ko‘rik-tanlovlar tashkil qilish kabi tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.
Ochiq va samimiy tarzda kechgan muloqot yoshlar tomonidan ko‘tarilgan taklif, muammo, loyiha va tashabbuslar bilan davom etdi. Shuningdek, bir guruh faol yoshlar viloyat hokimi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA