Viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tuzildi
Bugun Surxondaryo viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova boshqarib borgan majlisda Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari tavsiya etgan okrug saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va komissiyaning olti - sakkiz nafar a’zosidan iborat nomzodlar tarkibi tasdiqlandi.

Viloyat tumanlari va Termiz shahrida tashkil etilgan 50 ta okrug saylov komissiyasiga tasdiqlangan 478 nafar a’zoning 383 nafari avvalgi saylovlarda ham qatnashib, yetarli tajriba to‘plagan. 95 nafari birinchi saylovda ilk marta ishtirok etmoqda. Nomzodlarning 247 nafari xalq ta’limi, 17 nafari oliy ta’lim tizimi, 100 nafari boshqa davlat idoralari va muassasalari, 51 nafari o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 29 nafari jamoat tashkilotlari va 21 nafari boshqa nodavlat faoliyat sohasi vakillari, 13 nafari nodavlat-notijorat tashkilotlar xodimlaridan iborat. Ularning 190 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning 389 nafari oliy, 86 nafari o‘rta maxsus, 3 nafari o‘rta ma’lumotli bo‘lib, 258 nafari pedagog, 59 nafari iqtisodchi, 42 nafari muhandis, 33 nafari shifokor, 7 nafari huquqshunos, 3 nafari jurnalist, 76 nafari boshqa kasb egalaridir.

Majlisda viloyat hududiy saylov komissiyasi faoliyatiga oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri