Viloyat hokimi yangi tashabbus va g‘oyalarni tingladi
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov vohani har tomonlama rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, yangi tashabbus va g‘oyalarni joriy etishda turli sohalarda xizmat qilayotgan ilg‘or tajriba hamda bilim egalari, nuroniylar hamda yoshlarning fikr-mulohazalarini tingladi.
Ochiq muloqotda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan qator muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Mazmunli va samarali uchrashuv yakunida viloyat taraqqiyoti uchun ustuvor bo‘lgan beshta yo‘nalish aniqlab olindi.

Viloyat rahbari mutasaddilarga ikki haftada bir marta intellektual faollar va faxriylar ishtirokida mazkur ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini muhokama qilish mexanizmlarini joriy etish vazifasini topshirdi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ishlab chiqarish, geologiya, turizm, tadbirkorlik va boshqa yo‘nalishlarda yangi g‘oya va takliflarni ishlab chiqish, bu jarayonga ilm-fan va amaliyotda tajriba to‘plagan olimlar, eng tajribali mutaxassislar hamda intellektual yoshlarni jalb etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri.