Viloyat hokimi Termiz shahrida velosipedda harakatlanmoqda
Termiz shahrida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, boshqarma, tashkilot va muassasalar rahbarlari, boshqa mas’ullar ishga velosipedda qatnay boshladi. Ish vaqti tugagach, uyga ham velosipedda qaytmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 25-martdagi “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan mazkur tashabbus, avvalo, atmosfera havosi musaffoligini asrab, avtomobillardan foydalanishni kamaytirishga, aholining ekologik mas’uliyatini oshirib, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Mazkur hujjatda atmosfera havosi sifatini yaxshilash, transport tizimini ekologik jihatdan takomillashtirish va aholining ekologik mas’uliyatini oshirish yuzasidan qator vazifalar belgilangan. Shunga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25-sanasida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 23-sentabrdagi “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda mahallalar rolini kuchaytirish va hududlarning yashillik darajasini tubdan oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida 1-oktabrdan mamlakatimizda “Tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligi”ni o‘tkazish belgilangan. Oylikda hududlarning obodonligi va tozaligini ta’minlab, yashil maydonlarni kengaytirish va mahallalarning ekologik tashabbuslardagi ishtirokini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Oylik arafasida Termiz shahrida qanot yozgan tashabbus farmonda belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajarishga qaratilgan harakat boshlanganini namoyish etdi. Viloyat hokimi barcha darajadagi rahbarlarni ishga kelish, qaytish va shahar ichida harakatlanishda imkon qadar velosipeddan foydalanishni tavsiya etdi. Aslida velosiped haydash atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirib, zararli gaz chiqarmaydi. Yoqilg‘i tejaladi. Shuningdek, insonning jismoniy faolligini oshirib, sog‘lig‘ini mustahkamlash va faol hayot tarzini shakllantirishga xizmat qiladi. Shifokorlarning aytishicha, muntazam velosiped haydash insonning yurak-qon tomir hamda nafas olish tizimini, qorin, bel va oyoq mushaklarini mustahkamlaydi. Vazn nazorati va moddalar almashinuvini yaxshilaydi.
Ayni paytda janubda “Tozalik va ozodalik dolzarb ikki oyligi”ni yuqori saviyada o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri