Viloyat hokimi stipendiyalari beriladi
Navoiy shahrida “Yoshlar forumi” doirasida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Dastlab tadbirga taklif etilganlar yoshlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Uchrashuvda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov bugungi kunda yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida so‘z yuritib, bu borada amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
– Bugungi kunda viloyatdagi barcha yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, – dedi viloyat hokimi. – Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 2,7 ming nafar ehtiyojmand talabaga 9,5 milliard so‘m kontrakt pullari, 59 nafar talabaning ijara to‘lovlari davlat tomonidan qoplab berilgan bo‘lsa, tijorat banklari tomonidan 5,5 ming nafar yoshga 61,3 milliard so‘m ta’lim kreditlari ajratildi.
Shuningdek, yoshlarning IT sohasiga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 700 nafardan ziyod yoshga 5,3 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilib, har oy ularga hisoblangan foiz to‘lovlari to‘lab borilmoqda.
Bundan tashqari, “Besh tashabbus” olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahalla yoshlari uchun 2022 yilda 24 ta va 2023 yilda 39 ta sport maydonchalari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Viloyatda har haftada “Rokirovka” turnirlari tashkil etilib, shu kunga qadar 4 ming nafardan ortiq yosh qamrab olindi va g‘oliblarga 190 million so‘m sovrin berildi.
Uchrashuvda viloyat hokimi joylarda yoshlar siyosatini yuritishda olib borilayotgan ishlarga qaramasdan, bir qator salbiy holatlar ham mavjudligini ta’kidladi. Bugungi kunda yoshlarimizning 3279 nafari ishlash, 460 nafari o‘qish, 125 nafari esa doimiy yashash va boshqa maqsadlarda xorijiy davlatlarga chiqib ketishgan.
Tadbirda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda kelgusida belgilangan rejalar haqida ham so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, kelgusi yilda viloyatda “Hokim kubogi” uchun erkaklar va ayollar o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkil etiladi. Yoshlarni xorijiy tillarga qiziqtirish maqsadida oliy ta’lim muassasalaridagi xalqaro imtihon tizimlarida 7,5 va undan yuqori ball olgan 3-4 kurs talabalarining 30 nafariga “Viloyat hokimi stipendiyasi” ajratiladi.
[gallery-15191]
Shuningdek, mahallalardagi uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga oylik maoshining 50 foizi miqdorida “Hokim ustamasi” joriy etiladi.
Tadbir so‘nggida faol va barcha yo‘nalishlarda tengdoshlarida o‘rnak bo‘lib kelayotgan yoshlar rag‘batlantirildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari